O‘zbekistonda propiska bo‘yicha o‘rnatilgan ushbu tartib fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlaridan to‘la-to‘kis foydalanishiga, urbanizatsiya jarayonlari, ijtimoiy rivojlanish, xususan istiqbolli yoshlar, malakali kadrlarning xorijda ishlash uchun mamlakatni tark etayotganliklari haqida ko‘plab fikrlar bildirilmoqda, deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati e'lon qilgan xabarda.
«Yuksalish» umummilliy harakati fuqarolarning ayni shu masala — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska bo‘yicha amaldagi tartib yuzasidan fikrlarini o‘rgandi. Xususan, Telegram tarmog‘idagi Jamoatchilik fikri sahifasida joriy yilning 3–11 iyun kunlari davomida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. Unda 17 ming 700 nafardan ziyod fuqaro ishtirok etib, respondentlarning asosiy qismi, ya'ni 49 foizi ushbu tartib fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo zid ekanligini ta'kidladi.

« Fikrimizcha, belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirilganida, bugungi kunga kelib fuqarolarning noroziligi va muhokamalariga sabab bo‘lmas edi. Aksincha, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga amal qilinishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada oshishiga, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, xususan, istiqbolli kadrlarning xorijga chiqib ketishining oldi olinishiga xizmat qilgan bo‘lar edi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, belgilangan vazifalarning to‘laqonli bajarilishini inobatga olgan holda, «Yuksalish» umummilliy harakati ushbu masala yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:
Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska qilish tartibini turar joyi bo‘yicha hisobga olish tizimi bilan almashtirish. Bunda hisobga olishni Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish;
Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini e'tirof etishni nafaqat birlamchi bozor, balki ikkilamchi bozorda, shuningdek umrbod o‘zgaga berilganda yoki hadya qilinganda ham berish tartibini joriy qilish », — deyiladi taklifda.
Ma'lumki, 2018 yilda Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 56-bandida Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta'minlash maqsadida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish belgilangan edi.

















