O‘zbekiston | 11:40 / 13.06.2019
20181
3 daqiqa o‘qiladi

Mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida «Fuqarolarning mitinglari, yig‘ilishlari va namoyishlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan loyiha rus tilida e'lon qilingan.

Loyihaga muvofiq, miting, yig‘in va namoyishlar ochiq, oshkora va tinch asosda o‘tkazilishi, unda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lishi lozim. Ushbu tadbirlarda konstitutsion tuzumni ag‘darish, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilish, shuningdek davlat organlarini tahqirlash taqiqlanadi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishlari mumkin. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoki narkologik muassasalar ro‘yxatida turadigan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tashkilotchilik qila olmaydi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlarda faqatgina 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok eta oladi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar vaqtida ishtirokchilar jamoat tartibi va tadbir regalmentiga (vaqtiga) rioya etishlari, mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot organlari vakillarining qonuniy talablarini bajarishlari, niqob va boshqa ular shaxsini vizual aniqlashni qiyinlashtiruvchi vositalardan foydalanmasliklari shart.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish uchun majburiy tartibda ruxsat olish lozim. Ariza joylardagi ijro hokimiyati organiga yozma yoki elektron shaklda ijtimoiy faollik o‘tkazilishigacha 30 ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda taqdim etilishi lozim.

Miting, yig‘ilish va namoyishlar faqatgina ijro hokimiyati organi tomonidan ajratilgan maxsus joylarda o‘tkaziladi. Ma'muriy binolar, chet el elchixonalari va xalqaro tashkilotlar binosiga 500 metr masofada miting, yig‘ilish va namoyishlar uchun joy ajratish taqiqlanadi.

Qonun loyihasida miting, yig‘ilish va namoyishlarni haftaning ish kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha vaqt oralig‘ida o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, rejalashtirilgan ijtimoiy faollik o‘tkazilishiga uch kun qolgandan fuqarolar o‘rtasida, jumladan OAV, ozg‘aki chaqiriq va e'lonlardan foydalangan holda dastlabki tashviqotlarni o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Qonun siyosiy partiyalar, jamoat va diniy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziluvchi mitinglar, yig‘in va namoyishlarga taalluqli emas.

Muhokamalar 27 iyungacha davom etadi.

Bundan avvalroq O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.

Mavzuga oid