Har kuni dunyo bo‘yicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko‘rinishi bo‘lib, ushbu beg‘araz, ko‘ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko‘makdir.
Joriy yilning 14 iyun kuni Respublika qon quyish markazida «14 iyun — Butunjahon donorlar kuni» munosabati bilan «Hamma uchun xavfsiz qon» shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ishtirok etib, beg‘araz donorlikning mazmun-mohiyati haqidagi so‘zladi.

«Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, o‘z sog‘ligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida ma'lumotga ega bo‘lib borishiga xizmat qiladi. Hozirda dunyoning 70ta davlatida qon zaxirasi ko‘ngilli donorlik hisobiga yig‘iladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan qon tarkibiy qismlari va preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun har 1000 aholiga nisbatan 40-60tadan qon topshirish kerak bo‘ladi. Bizning yurtimizda esa har 1000 kishiga qon topshirishlar soni 4,8tani tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirishda, avvalo, biz tibbiyot xodimlari faol va tashabbuskor bo‘lishimiz, donorlikning ahamiyatini aholiga muntazam tushuntirib borishimiz lozim bo‘ladi», — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Ko‘ngilli donorlik targ‘iboti birgina Respublika qon quyish markazi yoki uning sayyor guruhlari vazifasi emas. Qon va qon mahsulotlari zaxirasi nechog‘li muhimligi, qay hollarda qon quyishga murojaat qilinishi, zaxira bo‘shab qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi batafsil tushuntirilib borilsa, ishonamizki, ko‘ngilli donorlikka munosabat o‘zgaradi.
Tadbir doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari ham shu yerda donor sifatida qon topshirishni boshlab berdi va nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholini ham donorlikda faol bo‘lishga chorladi.





















