Bittagina surat ba'zan bir necha sahifalardagi so‘zlardan ko‘proq ma'no anglatadi, kuchliroq ta'sir qiladi. Olamga mashhur National Geographic nashri turli fototanlovlarni muntazam o‘tkazib turadi. Ana shularning navbatdagisi natijalari bilan tanishtiramiz.

National Geographic uyushtiruvchi eng yaxshi suratlar tanlovining «Shaharlar» yo‘nalishida suratkash Veymin Chu g‘olib bo‘ldi. U G‘arbiy Grenlandiyada joylashgan Upernavik baliqchilar shaharchasini kadrga muhrlagan.

Foto: WEIMIN CHU

Muzliklar bilan qoplangan dunyoning eng yirik orolida aholi juda kam yashaydi. Upernavik shaharchasida ham bor-yo‘g‘i mingga yaqin aholi bo‘lsada, shaharcha aholi soni jihatdan Grenlandiyada o‘n uchinchi o‘rinni egallaydi.

«Shaharlar» bo‘yicha ikkinchi o‘rin Yassen Todorovga nasib qildi. U suratini «Aviatsiya asrida» deb nomlagan.

Foto: JASSEN TODOROV

San-Fransisko xalqaro aeroportini yuqoridan turib suratga olgan Yassen Todorovning o‘zi ham samolyotni boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Yo‘nalishdagi uchinchi o‘rinni Bangladesh poytaxti Dakka shahridagi ommaviy ibodat manzarasini kadrga tushirgan Sandipani Chattopadxyay egalladi.

Foto: SANDIPANI CHATTOPADHYAY

«Odamlar» yo‘nalishida birinchi o‘rinni Xuayfen Li muallifligidagi «Shou boshlanmoqda» surati egallagan. Unda Xitoyning Lichen uezdidagi mahalliy aktyorlarning grim jarayoni aks etgan.

Foto: HUAIFENG LI

Bu yo‘nalishning ikkinchi o‘rnida «Har kunlik mashqlar» nomli surat bilan Yoshiki Fudzivara g‘olib bo‘lgan. Unda Hongkongdagi Choy Xun Xaus istirohat bog‘ida badantarbiya qilayotgan keksa kishi suratga olingan.