Inson biror ishga qattiq bel bog‘lab kirishsa, oxiri maqsadiga yetar ekan. Bizga murojaat qilayotgan farg‘onalik to‘rt farzandning onasi ham kuniga to‘rt-besh bor qo‘ng‘iroq qilib, Qo‘qon shevasida «Kelmasalaring bo‘maydi. Ballar qiynalyapti», deb turib olgani bois O‘zbekiston tumani tomon yo‘l oldik.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani, «Qoratepa» MFYdagi «Dasht» qishlog‘idagi holatni achinarli deyish biroz kamlik qiladi. Bundan 11 yil oldin hududga turli joylardan odamlar uy solish uchun ko‘chib kela boshlagan. Hozir 50 xonadondan iborat butun boshli katta mahalla paydo bo‘libdi. Har oilada uch-to‘rt nafardan bola.

Biroq yillar davomida hokimiyat va mahalla fuqarolar yig‘ini bu mahallaga zig‘ircha yordam, ko‘mak berishni o‘ylamagan ham ekan. Tom ma'noda - «unutilgan mahalla».

Zamiraxon Nurmatovaning arzini tinglaymiz.

«Dasturga tushdi», degan gapni ko‘p eshitamiz. Lekin bizning mahalla hech qachon, hech narsadan ana shu dasturga tushmagan, qachon ro‘yxatga tushishi ham noaniq.

Ko‘chib chiqqanimizdan beri, aholi yig‘ilib, o‘zimiz bir yarim million so‘mdan pul to‘plab gaz tortdik, o‘zimiz 3 kilometrdan elektr tarmog‘ini falon pulga olib keldik. Yo‘lga pul yig‘dik. Aytaversam, hokimiyat vakillari biror marta holimizdan xabar olmagan ekan.

Elektr masalasi alohida dard. Mana shu qo‘limdagi bir dasta arizalar uch yil davomida tuman va viloyat elektr korxonalariga yozganlarim. 2017 yili birinchi marta murojaat qilgan bo‘lsam. Shu paytgacha, 10 marta yozib, 10ta javob olibman. Muammo shundaki, mahallamiz ko‘chasidagi simyog‘ochlar qo‘lbola bo‘lib, ularni aholi turli yog‘ochlardan yasab olgan. O‘ta xavfli, elektr liniyasidagi simlar ming uzilgan, ming uloq. Tok quvvati pastligi sabab bolalar kitob o‘qiy olmasligi, qo‘lbola «stolba»lardagi simlar tinmay uzilib tushayotgani sabab, bolalarning xavfsizligidan xavotirdamiz.

Elektrning kattalariga yozgan arizalarimning hech foydasi bo‘lmayapti. Bir xil javob olaman. Ma'nosi ham o‘zgarmaydi. Qandaydir, ilmiy yozilib, oxirida «Dasturga tushadi, kuting», deb tugatiladi.