Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga  «Ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni paxta yig‘im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etish tizimini tashkillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasini joylashtirildi.

Loyihada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasining Sirdaryo viloyatida paxta yig‘im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etiladigan mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolarni dala markazlariga joylashtirish bo‘yicha eksperimental loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflarni ma'qullash nazarda tutilgan.

«Dala markazlari mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolarga, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan Respublikaning turli hududlaridan munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish uchun Sirdaryo viloyatida paxtani yig‘ib-terib olish jarayoni bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etish uchun tashkil etiladi», — deyilgan hujjat loyihasida.

Hujjat loyihasiga Sirdaryo viloyati hududlarida ixtiyoriy ravishda paxta hosilini yig‘ib-terib olishda qatnashadigan ishsiz fuqarolar uchun dala markazlari dislokatsiyasi ilova qilingan.

a) yashash uchun sanitariya-gigiyena va maishiy sharoitlar:

har biri 40 kishilik yashash uchun mo‘ljallangan 10ta chodir, ikki qavatli yotoq o‘rni, ko‘rpa-to‘shaklar, choyshablar, ventilyatsiya tizimi, isitish anjomlari bilan jihozlanadi;

oshxona chodiri, 2ta ovqatlanish chodirlari va stol-stullar, ovqat pishirish uchun qozonlar, samovarlar, muzlatkich, ichimlik suvi uchun idishlar, oshxona va maxsus idish-tovoqlar, oziq-ovqat yetkazib berish uchun maxsus termos idishlari;

40ta yuvinish anjomlari o‘rnatilgan joy va 12ta issiq suv bilan ta'minlangan dush kabinalari, 12 o‘rinli hojatxona, 10ta chiqindi konteynerlari, doimiy ravishdagi suv ta'minoti;

dala markazi hududida malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni o‘tkazish uchun tibbiy inventar va dori-darmonlar hamda preparatlar bilan jihozlangan tibbiy chodir;