Foydali usullar nafaqat mutolaa sur'atini yaxshilaydi, balki o‘qilgan narsani yaxshiroq eslab qolishda yordam beradi, deydi Layfxaker.

Nimadan boshlash kerak?
Tez o‘qish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishga kirishishdan oldin o‘zingiz uchun asosiy maqsadni aniqlab oling: siz aynan nimani istaysiz? Mutolaa tezligini oshirishmi yoki ikki marta ko‘proq ma'lumotni eslab qolishnimi? Ehtimol, siz uchun bari muhimdir?
Tez o‘qishning ko‘plab usullari va mashqlari mavjud. Siz uchun aynan qaysilari to‘g‘ri kelishi amaliy usul bilan aniqlanadi. Agar biror mashq foyda bermasa, ulardan butunlay voz kechishga shoshilmang.Uning o‘rniga boshqasini almashtiring. O‘rganishning har qanday jarayoni nafaqat murakkab va mehnat talab etuvchi bo‘lishiga qaramay, sizga huzur olib kelishi va yanada rivojlanishga ishtiyoq uyg‘otishi lozim. Mashg‘ulotlarni guruh bo‘lib, do‘stlar davrasida o‘tkazish yanada samarali.
Darslar jadvalini tuzing va unga amal qiling (kuniga 1,5-2 soatdan). Mutolaani odatga aylantiring va bo‘sh vaqtingizni unga sarflang. Yutuqlaringizni kuzating, bir necha haftadan keyin o‘qish tezligi ortganini sezasiz.
Natijalarni yozib borish ham muhim.
Hozirning o‘zidayoq tatbiq etish mumkin bo‘lgan usullar
O‘qishdan avval kitobni ko‘zdan kechiring (kirish, sarlavha, xulosa). Bu sizga materialning tuzilishini aniqlash, muhim joylarni belgilash imkonini beradi. Tez o‘qiganda aniq jumlalarga ko‘zingiz tushadi.
Qatorlar ustida barmoq, qalam yoki chizg‘ichni yuritish orqali mutolaa sur'atini belgilashingiz mumkin. Nigoh bilan takroran qaytmaslik uchun uni bir varaq qog‘oz bilan berkiting.
Ko‘rish qobiliyatini rivojlantirish uchun «Shulte» jadvali yordamida mashq qiling. Bu mashqlar zaruriy ma'lumotni izlash vaqtini qisqartirish imkonini beradi.
O‘yin tarzida ham o‘rganish mumkin: matndan notanish atamalarni, sh, f, l, m, n, o harfidan boshlanadigan barcha so‘zlarni izlashga harakat qiling. Bu kabi mashqlar diqqatni bir joyga jamlaydi va matn bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi.














