Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Xorijda Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasining “Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat markazi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
O‘zbekiston madaniyati va san'ati, an'analari hamda o‘zbek tili va adabiyoti hamda turizm salohiyatini o‘quv kurslari va to‘garaklar tashkil etish, konferensiya, seminar, festival va boshqa madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazish orqali xorijda keng targ‘ib etish;
do‘stona xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari, shu jumladan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan do‘stlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni samarali muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashish.
Belgilab qo‘yilishicha:
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida tashkil etiladi, uning xorijiy davlatlardagi sho‘'balari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Bosh qarorgoh faoliyat olib boradi;
Chet el davlatlari bilan o‘zaro madaniyat markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimlarga asosan Markazning xorijiy davlatlardagi sho‘'balari tashkil etiladi;
Markaz rahbari lavozimiga Madaniyat vazirligi tizimida kamida 3 yil faoliyat olib borgan, O‘zbekiston madaniyati va san'ati, tarixi, an'analari, urf-odati hamda o‘zbek va xorijiy tillarni biluvchi malakali mutaxassislardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishuvga ko‘ra Madaniyat vaziri tomonidan tayinlanadi.
Markaz va uning xorijiy davlatlardagi sho‘'balari faoliyatini moliyalashtirish manbalariga davlat budjeti mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning moddiy ko‘maklari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar kiradi.















