So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘lim jazosi qo‘llanishi jinoyatchilik kamayishiga olib kelishi haqida muhokamalar avj ola boshladi. «Buyuk kelajak» XNNT eksperti Baxshillo Xo‘jayev bu bahslar yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Aslida, o‘lim jazosining bor yoki yo‘qligi jinoyatchilik darajasiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Zero, Chezare Bekkaria aytganidek, «jinoyatchilik oldini olishda jazoning shafqatsizligi emas, balki uning muqarrarligi ko‘proq ahamiyatga ega». Bu aksioma ayni haqiqatdir. Qolaversa, o‘lim jazosi haqida gapirganda uning nafaqat huquqiy tomonini, balki ijtimoiy, axloqiy va psixologik jihatlarini ham e'tiborga olish lozim.

Inson hayoti oliy qadriyat, o‘lim jazosini qo‘llamaslik esa insonparvarlik belgisidir

Insonparvarlik g‘oyalari azaldan xalqimizda ulkan qadriyat sifatida ulug‘langanini bobokalonimiz Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida keltirilgan quyidagi parchadan bilib olishimiz mumkin: «...yomonga jazo berish — garchi qonun va siyosat yuzasidan to‘g‘ri bo‘lsa ham, ammo adolatli hukmdorning asl yo‘li — shafqat-muruvvatdir. Bir shaxs o‘limga qanchalik sazovor bo‘lsa ham, uning o‘limini orqaga surish, bu haqda shoshmaslik yaxshi...»

Shunday jiddiy asoslar bo‘la turib nega biz o‘lim jazosini qo‘llash bilan bog‘liq dalillarni asossiz mish-mishlardan qidirishimiz kerak? Nahotki, bizning bilimsizligimiz shu darajaga yetdi!?

Bu borada mushohada uchun rus adabiyotshunosi va taniqli jurnalist N.S.Leskovning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tishni lozim deb topdik: «Inson hayoti – o‘n sakkiz ming olamni yaratgan xoliqning ulug‘ marhamati namoyishidir. Uni munosib yashab o‘tish, sermazmun va samarali umrguzaronlik qilish har bir insonga, qolaversa, butun jamiyat zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi». Shunday ekan, butun jamiyat mas'ul bo‘lgan ishga ijtimoiy tarmoqlarda 2-3 kishining o‘ylamay yozgan muhokamasiga qo‘shilishimiz joizmi?! Axir, o‘lim jazosi jaholat bilan beriladi-ku, jaholatni esa jaholat bilan yengib bo‘lmaydi.

O‘lim jazosi bekor qilingani sivilizatsiyalashgan demokratik davlatning belgisidir

O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingani mamlakatimizda umuminsoniy tamoyillar ustuvorligi va xalqaro andozalar amalga joriy etilganidan darak beradi. Binobarin, Konstitutsiyamizning 13-moddasida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.