Sud uni urush jinoyatlari va insoniylikka qarshi jinoyatlar deb topilgan qotillik va qiynoqlarda aybdor deb topdi, deb xabar berdi Suriyaning SANA davlat agentligi. Shuningdek, sud Asadning ko‘char va ko‘chmas mulklarini musodara qilish haqida qaror chiqardi.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Vosim Asadga aloqador qurolli guruh Jaramana shahridagi do‘konga hujum qilib, uni talon-toroj qilgan va muxolif qarashlari tufayli egasini o‘g‘irlab ketgan. Vosim Asad, shuningdek, mamlakatning bir necha hududida suriyaliklarni o‘g‘irlash va o‘ldirishga aloqador deb topilgan.

Vosim Asad ustidan sud jarayoni 24-iyun kuni boshlangan edi. Unga, xususan, Bashar Asadning ukasi Mohir qo‘mondonlik qilgan Suriya armiyasining To‘rtinchi diviziyasiga aloqador bo‘lgan qurolli guruhlarni tuzish va ularga rahbarlik qilish aybi qo‘yilgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, bu bo‘linmalar 2011-yildan buyon Sharqiy G‘utada, jumladan, Mleyha hududida olib borilgan va tinch aholi o‘limiga sabab bo‘lgan amaliyotlarda ishtirok etgan.

Shu bilan birga, sud dalillar yetarli emasligi sababli Vosim Asadni kontrabanda va narkotik moddalar savdosi ayblovlari bo‘yicha oqladi, deb xabar berdi Syria TV. U boshqa epizodlar bo‘yicha ham mehnat qobiliyatini doimiy yo‘qotishga olib kelgan tan jarohati yetkazgani uchun 3 yilga va firibgarlik uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, biroq bu jazolar o‘lim hukmi bilan qoplangan.

Vosim Asad 2025-yil 21-iyun kuni Suriya-Livan chegarasida hibsga olingan edi.

Bir hafta avval, 2026-yil 11-avgustda, ayni shu sud Bashar Asad, uning ukasi Mohir va sobiq rejimning yana bir necha vakilini qotillik, qiynoqlar, noqonuniy ozodlikdan mahrum etish, urush jinoyatlari va insoniylikka qarshi jinoyatlarda ayblab, sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilgan edi. 2024-yil dekabrida rejim ag‘darilgach, Bashar Asad Rossiyaga qochib ketdi, u yerda boshpana oldi va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha o‘sha yerda qolmoqda. Mohir Asad ham Rossiyaga qochib ketgani xabar qilingan edi.