30 iyun yoshlar kuni respublikamizda Yoshlarning eng sevimli, ularni birlashtiradigan bayramga aylanib bormoqda. Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi ham e'lon qilindi.
Kun.uz muxbirlari viloyatlarda ham ushbu bayram ko‘tarinkilik bilan nishonlagani haqida xabarlar uzatishmoqda.
Dilmurod Jumaboyevning xabar qilishicha, Namanganda Yoshlar kunining asosiy tantanalari Namangan shahridagi «Afsonalar vodiysi» tematik parkining amfiteatrida bo‘lib o‘tgan.
Tadbirni viloyati hokimi X.Bozorov ochib, prezidentning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigini o‘qib bergan.

So‘ngra Prezidenti qarori bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshlar qatorida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan Kosonsoy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining karate bo‘yicha murabbiyi Muhammadsiddiq Abdumutalov va Norin tumanidagi «Omadbek bo‘stoni» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Temurbek Mo‘minovga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilgan.

Adabiyot, san'at, sport va boshqa yo‘nalishlarda yil davomida turli yutuqlarni qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlarga, shuningdek viloyat ijtimoiy hayotida faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshlar vakillariga viloyati hokimi X.Bozorov va O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Q.Yo‘ldoshev diplom va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali ravishda topshirishgan.
Kecha «Vatan kelajagi sening qo‘lingda» shiori ostida bo‘lib o‘tgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvida viloyat hokimi tomonidan yoshlar ittifoqi viloyat kengashiga avtobus sovg‘a qilish va'dasi berilgandi. Bugungi tadbirda viloyat kengashiga va'da qilingan avtobus berilgan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan bir qator tashkilotlar hamda hududiy hokimliklar bilan birgalikda o‘tkazilgan «Yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha eng namunali tuman (shahar) hokimi» tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblari orasidan joy olgan Namangan shahar hokimi Sh.Abdurazaqov va To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘. Murodxo‘jayev diplom va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ramziy mukofoti bilan taqdirlandilar.Tantanali tadbir Respublika va viloyat san'at ustalarining gala-konserti bilan yakun topgan.

















