O‘zbekiston | 12:43 / 02.07.2019
14304
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik bosqichlari ma'lum qilindi

2019 yilning 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Yaponiya favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Itoni qabul qildi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Yaponiya kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi, deyiladi TIV xabarida.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ishonch va o‘zaro anglashuvning yuqori darajasiga erishilgani, ikki tomonlama hamkorlikning zaruriy mexanizmlari yaratilgani, tomonlarning xalqaro maydonda muvaffaqiyatli aloqa qilayotganligi ta'kidlandi.

Elchining O‘zbekistondagi uch yillik faoliyati davomida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlik sezilarli darajada faollashib, uning doirasida mamlakatimizda energetika, transport, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilmoqda.

Hozirda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalarining 15-yig‘ilishiga (Tokio shahri, 10 iyul) hamda ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari rektorlarining 3-konferensiyasiga (Toshkent shahri, 8-9 iyul) tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ta'kidlanganidek, shu va boshqa qo‘shma tadbirlar O‘zbekiston prezidentining Yaponiyaga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichlari bo‘lishi kerak.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan.

Suhbat yakunida vazir elchiga O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli shaxsiy hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Nobuaki Ito, o‘z navbatida, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatidagi faoliyati davomida ko‘rsatilgan yordam va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik izhor etdi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid