Axborot platformalarida «feyk» atamasi ancha faol aylanmoqda. Qandaydir xabarning shov-shuv bo‘lib, keng rezonansga sabab bo‘lishi, biroz muddatdan so‘ng esa uning «feyk» bo‘lib chiqqani haqidagi xabarlar ham tez-tez uchrab turibdi. Shu bois feyk tushunchasini yaxshiroq tanib olish va undan himoyalanish muhim.

Adliya vazirligi «Mediasavodxonlik va fake news: huquq va mas'uliyat chegarasi» mavzusida media vakillari uchun seminar tashkil etib, ommaviy axborot vositalarida feyk masalasi xususida ma'lumotlarni taqdim etdi.

Feyk ─ (inglizcha) soxta, qalbaki degan ma'nolarni anglatadi. Haqiqatga juda o‘xshab ketadigan yolg‘on xabarlar, maxsus dasturlar orqali o‘zgartirilgan fotosuratlar, montaj qilingan videoroliklar, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shaxslar (odatda mashhur insonlar) nomidan ochilgan yolg‘on akkauntlar feyklarga misol bo‘la oladi.

Statistikaga ko‘ra, 2018 yilda e'lon qilingan feyk materiallar soni 32 foizga ortgan. Bu kishilarning rasmiy axborot manbalariga bo‘lgan ishonchi 32 foizga tushib ketganini anglatadi.

Feyk xabarlarning sariq matbuot va siyosiy propaganda bilan umumiy jihatlari ko‘p. Lekin feykni badiiy to‘qimalar va mish-mishlardan farqlay olish lozim. Sariq matbuotdagi mish-mishlar asosan ommaning vaqtini chog‘ qilish, u yoki bu shaxsga e'tibor tortish uchun tarqatiladi va uning ijtimoiy zarari uncha katta bo‘lmaydi. Feyklar esa jiddiy ijtimoiy-siyosiy maqsadlarni yoki moliyaviy manfaatni ko‘zlab tarqatiladigan yolg‘on xabarlardir.

Feyklarni tarqatishdan maqsad nima?

Soxta, yolg‘on ma'lumotlarni tarqatuvchilar turli manfaatlarni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Moddiy manfaat. Soxta axborot mualliflari ko‘pincha jalb qiluvchi, «qichqiruvchi» sarlavhalardan yoki to‘liq to‘qimalardan foydalanib, o‘quvchilar auditoriyasini oshirishga, o‘zlariga havolalarni ko‘paytirishga harakat qilishadi. Bunda klikbeyting prinsipi orqali foyda maqsad qilinadi.

Siyosiy manfaat. Auditoriyasi katta bo‘lgan platformalarda soxta kontent yaratish, tahlikani chaqiruvchi ma'lumotlarni joylash orqali auditoriyani boshqarishga, tartibsizlik, vahima kayfiyatini keltirib chiqarishga urinish ham mumkin.

Fishing