1 iyul kuni O‘zAda Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri tomonidan Farg‘ona viloyatidagi sayyor qabul «sahnalashtirilgani» haqida maqola paydo bo‘ldi.

2 iyul kuni vazirlik matbuot xizmati bu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Unda Farg‘onadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53ta murojaatning har biri yuzasidan vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh bilan ichki tekshiruv o‘tkazish haqida qaror qabul qilingani aytilgan.

Kun.uz Farg‘ona shahrida bo‘lib, vazirlik ichki tekshiruv o‘tkazilishini kuzatib bordi.

Farg‘ona viloyat Bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi binosida vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov va komissiya vakillari ishtirokida tekshiruv va yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona viloyati tuman bandlikka ko‘maklashish markazi rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda vazir o‘rinbosari so‘zga chiqdi.

«Vazirimiz bilan shaxsan o‘zim birgalikda sayyor qabul o‘tkazdik. 10 kishi bilan gaplashdim, qolgan 43 nafarini vazirimizning o‘zi qabul qildi. Bizga bu maqola saboq bo‘ldi. Shunday odamlar ham bor ekan. O‘sha 11 nafar fuqarodan ikki nafari maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirilgan deb o‘ylagan edik. Bu maqoladan so‘ng tekshirsak, ular qabulda qatnashgan, biroq o‘sha muassasada avvaldan ishlab kelishayotgan ekan. Bu ish bo‘yicha Marg‘ilon shahar bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Tolib Asomiddinov ishdan bo‘shash haqida ariza berdi.

Lekin bu masala ishdan bo‘shash bilan tugatilmaydi. Agar rostdan hammasi «sahnalashtirilgan» bo‘lsa, jinoiy ish ochilishi kerak. Bizda yana 9 nafar fuqaro masalasida ham shubhalar bor. Biz maqolani inkor etmadik. Bu balki haqiqatdir, balki uyushtirilgandir. Biz masalaning tagiga yetamiz. 1-2 kun ichida oqni oq, qorani qora qilib ajratib chiqamiz. Bunday ishlash bo‘lmaydi, shu sababli sizlarni hokimiyatdagilar bir tiyinga olmaydi. Farg‘ona viloyatida mehnat va bandlikka ko‘maklashish masalasi respublikada eng pastki o‘rinlardan birida», deydi vazir o‘rinbosari.

Yig‘ilish tugashi bilan Marg‘ilon shahar bandlikka ko‘maklashish markazining sobiq direktori Tolib Asomiddinovni suhbatga tortdik.