Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning Farg‘onadagi sayyor qabuli masalasi internetda shov-shuv bo‘lib ketdi.
2 iyul kuni vazirlik matbuot xizmati bu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Farg‘onadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53ta murojaatning har biri yuzasidan vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh bilan ichki tekshiruv o‘tkazdi.
Vazirlik mutasaddilari aniqlangan holatlar haqida Farg‘ona viloyatidagi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan majlisda holatlar aytildi va aybdorlar jazolandi.
«O‘tkazilgan sayyor qabulda 53 nafar fuqaro murojaatlari qabul qilingan bo‘lsa, o‘rganishlarimiz natijasida ularning 35 nafari ish bilan ta'minlandi. 22 nafari doimiy ishga, 8 nafari jamoat ishiga joylashtirildi. 1 nafari ish joyi bilan ta'minlash sharti bilan kasb-hunar bo‘yicha hamshiralik o‘qishiga jo‘natildi», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda sust faoliyati va ijro intizomiga rioya etmagani sababli bir necha mutasaddiga choralar ko‘rilishi belgilandi.
Vazir sayyor qabulida vazir tomonidan berilgan topshiriqlarni yetarli darajada bajarmagani tufayli O‘zbekiston tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Sh.Mirzaakbarov, Toshloq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori S.Boqilxonov, Oltiariq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Q.Qobilov, Farg‘ona shahar bandlikka ko‘maklashish markazi direktori F.Sharobiddinov hamda Farg‘ona tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori T. Sattorovga nisbatan hayfsan qo‘llandi.
Beshariq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Sh.Azizovaga nisbatan esa ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Yig‘ilishda Beshariq tumanidagi ishsizlik darajasi juda yuqoriligi alohida ta'kidlanib, shunday holat bo‘lgani holda vazir sayyor qabuliga hech kim olib borilmagani tanqid ostiga olindi.
Dang‘ara tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori N.Yo‘ldoshev ham vazir sayyor qabuliga hech kimni olib kelmagani uchun tanqidga uchragan.
Shuningdek, Marg‘ilon shahar bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Yozyovon tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, Farg‘ona viloyat bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi kadrlar bo‘limi rahbari N.Ibragimov lavozimidan ozod etilgan. Viloyat boshqarmasi rahbarining birinchi muovini Shuhrat Mahmudov, ishga joylashtirish bo‘limi rahbari A.Saidov, o‘qishga yuborish sho‘'basi mudiri M.Rasulovga nisbatan ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

















