Janluiji Buffon «Yuventus»da tibbiy ko‘rikdan o‘tish va shartnoma imzolash uchun Turinga yetib keldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Byankoneri» tvitterida jamoaga qaytgan afsonaning muxlislar bilan uchrashib, dastxat bergani va «Yuve» klinikasiga kirib ketganini ko‘rish mumkin.

OAVdagi xabarlarga qaraganda, Buffon «Yuventus» bilan bir yillik bitim tuzib, bu vaqt davomida 1,5 mln yevro maosh oladi.

41 yoshli posbon Turinga erkin agent maqomida qaytdi. U bir yil davomida «PSJ» darvozasini qo‘riqladi, undan oldin esa 17 yil davomida «Yuventus» asosiy jamoasida o‘ynagandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janluiji sobiq jamoasiga Italiya rekordini yangilash maqsadida qaytgani xabar qilingandi.