Rossiyalik san'atshunos olim Tigran Mkrtichev I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi direktorligi lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘ldi, deb xabar beradi Kun.Uz muxbiri.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlangan «Muzeylarni renovatsiya qilish dasturi»ni bajarish asnosida Madaniyat vazirligi va uning qoshidagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tkazildi.
Tanlovda muzey ishi, u bilan bog‘liq bo‘lgan ommaviy tadbirlar, ma'muriy va moliyaviy masalalarda tajribaga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik va xorijiy mutaxassislar ishtirok etishdi.

Arizalarni qabul qilish, hujjatlarga baho berish va nomzodlarni tanlab olish jarayoni 25 fevral – 15 iyun kunlari o‘tkazildi. 4 iyul kuni Nukus shahrida joylashgan I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi binosida nomzodlar bilan yuzma-yuz suhbat bo‘lib o‘tdi va g‘olib aniqlandi.

Ishtirokchilarning loyihalari O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev raisligidagi ekspertlar kengashi tomonidan baholandi. Kengash tarkibiga Tretyakov nomidagi Rossiya davlat galereyasi rahbari Zelfira Tregulova (Skype orqali), Germaniyaning Berlin shahri muzeylari kuratori Manfred Navrot, muzeylar faoliyati, arxeologiya va madaniyat siyosati bo‘yicha YuNeSKO katta xalqaro maslahatchisi Styuart Gibson, Madaniyat vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari Marinika Babanazarova kiritildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri Kalbay Turdiyev kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.


Tanlovda rossiyalik Sergey Pilyak va Tigran Mkrtichev, qozog‘istonlik Gulshat Baymuratova, o‘zbekistonlik Irina Petrushina va Oktabr Dospanov, shuningdek germaniyalik Tibo de Ryuyter (Skype orqali) qatnashdilar.

Nomzodlar I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi faoliyatini modernizatsiya qilish, xodimlarning professional darajasi va malakasini oshirish, muzeyni boshqarish jarayoniga yuqori texnologiyalarni joriy qilish, muzeyning xalqaro darajasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z prezentatsiyalarini taqdim qilishdi. Shuningdek ekspertlar kengashi a'zolarining savollariga javob berishdi.


















