2019 yilning 29 iyun kuni Kun.uz saytida "Eski tramvay yo‘llarini ta'mirlash uchun "Avtoyo‘l" pul olgan, ammo ishlarni bajarmagan" nomli maqola e'lon qilindi. Unda Toshkent shahar hokimligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shahardagi eski tramvay yo‘llari ta'miri bilan bog‘liq savolga shahar hokimi "Albatta, tramvay yo‘llarini ta'mirlash 3 yil ilgari "Avtoyo‘l" tashkilotiga tegishli bo‘lgan. Puli ham olingan, lekin hozirgi holatda qolib ketgan", deyilgan. Bundan tashqari, maqolada mazkur yo‘llarning bugungi kunda foydalanishga qabul qilinmaganligi hamda yuzaga kelgan ahvol uchun javobgarlik masalalari ham ko‘tarilgan.

Maqolada tilga olingan masalalar bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi "Toshkent shahar mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati" DUK tomonidan quyidagicha munosabat bildirildi:

Maqolada aytilgan, uch yil ilgarigi – Toshkent shahar ko‘chalarini ta'mirlash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 6 iyundagi 134-sonli yig‘ilish bayoni qarori bilan qabul qilingan bo‘lib, unda ta'mirlanishi kerak bo‘lgan 29 ko‘cha nomma-nom belgilab berilgan. Qarorda mavjud tramvay yo‘llari ko‘chirib olinishi munosabati bilan avtomobil yo‘llarida rekonstruksiya ishlarini olib borish bo‘yicha buyurtmachi etib – Toshkent shahar hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi, loyihachi – "ToshkentboshplanLITI" instituti, pudratchi etib esa xususiy korxonalar tayinlangan. Bu degani – buyurtmachi ham, loyihachi ham, pudratchi, ya'ni ta'mir ijrochisi ham, deyarli yuz foiz shahar hokimligi zimmasida bo‘lgan. 

Yuqorida qayd etilgan, ta'mirlanishi ko‘zda tutilgan 29 ko‘chaning 28 tasini ta'mirlash va rekonstruksiya qilish – turli mulkchilik shaklidagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlar va xususiy korxonalarga aynan poytaxt hokimligi tomonidan taqsimlab berilgan bo‘lib, bu korxonalar faoliyatiga maqolada tilga olingan – sobiq "O‘zavtoyo‘l" DAKning hech qanday aloqasi yo‘q.

Xususan, Lutfiy ko‘chasini, bundan tashqari, Bunyodkor ko‘chasining "Sovplastital" qo‘shma korxonasigacha hamda So‘galli ota, Al-Xorazmiy, Katta Xirmontepa, Ilonli, Farhod ko‘chasi bo‘ylab Sakkokiy ko‘chasigacha bo‘lgan qismini ta'mirlash ishlari – aynan hokimlik tavsiyasiga ko‘ra, sobiq "O‘zavtoyo‘l" DAK korxonalariga emas, balki "Faxriddin Fayz Servis" MChJga topshirilgan. Qolgan ko‘plab ko‘chalar ta'miri ham shu kabi turli mulkchilik shakllariga ega bo‘lgan – "Omega Bilding Grupp", "EURO GLOBAL ASPALT" MChJlari, shahar hokimligi boshqaruvidagi "Toshkent shahar yo‘l qurilishi va ta'mirlash tresti" AJ, "Ko‘prik qurilish tresti"qoshidagi "13-ko‘prik qurilish otryadi" hamda "67-ko‘prik qurilish otryadi" kabi va boshqa korxonalarga taqsimlangan.