Aftidan sensatsiyalar limiti tugab bo‘lgan.
Amerika Kubogi. Final. 7 iyul. Braziliya – Peru. (Toshkent vaqti bilan 8 iyul kuni soat 01:00).
Braziliya uyida yutqazmaydi

Braziliya Peruga qarshi – Amerika Kubogi-2019 finali. Bu biroz kutilmagan final juftligi bo‘ldi. Turnir mezbonlari finalga chiqishini hamma kutgandi, bu terma jamoa finalga chiqa olmaganida bu mantiqdan bo‘lmasdi. Pentakampeonlar hozirda qit'adagi eng kuchli tarkibga ega, hatto Neymarning safdan chiqishi ham bu jamoada sezilmadi, jamoani tajribali va aqlli murabbiy Tite uch yildan buyon boshqarib kelmoqda.
Qolaversa, mezbonlik maqomi ham ko‘p narsaga ta'sir qilishi tayin - futbolchilar o‘z uylarida qo‘shimcha kuch bilan to‘p surishadi. Braziliya guruh bosqichida oson raqiblarga ro‘para keldi. Boliviyani ham, Venesuelani ham hech kim jiddiy qabul qilgani yo‘q. Pley-off bosqichida esa braziliyaliklar chorak final o‘yinidan oldin ham, yarimfinal o‘yinidan oldin ham raqibga qaraganda bir kun ko‘proq dam olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Avvalgi davrlarda turnir mezbonlariga hakamlar yordam berishi haqida tasavvurlar bo‘lardi, VAR tizimi joriy etilgach esa bu o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Guruh bosqichida Venesuelaga qarshi o‘yinda videotakror orqali Braziliyaning uch goli bekor qilindi. Paragvayga qarshi o‘yinda esa hakam avvaliga «guaranilar» darvozasi tomon belgilangan penaltini videotakrordan keyin bekor qilib, jarima zarbasiga almashtirdi. Lekin shu bilan birgalikda yarimfinalda Argentinaga qarshi o‘yinda hakam Roddi Sambrano Dani Alvesga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsaishni «istamadi».
Yana bir jihat borki, bu an'analar. Bu safargi Kopa Amerika mezbonligi Braziliya uchun beshinchi marta qit'a chempionatiga mezbonlik qilish bo‘lib, avvalgi to‘rt safar ham brazillar g‘alaba qozongan. Chorak finalda Braziliya Paragvayga qarshi o‘yinning asosiy vaqtida hisobni ocha olmadi va penaltilar seriyasidagina g‘alabaga erishdi.
Peruning sensatsion yurishi

Peruchi? «Inklar»ning finalga chiqishini hech kim kutmagani aniq. Janubiy Amerikada azaldan uchta grand terma jamoa mavjud - Braziliya, Argentina va Urugvay. Lekin Amerika Kubogida bu uchlik vakillaridan iborat oxirgi final 2007 yilda kuzatilgandi. O‘shanda Ronaldinosi bor Braziliya yosh Messisi bor Argentinani yirik hisobda mag‘lub etgandi - 3:0. Keyingi yillardagi finallarda esa hamisha bir grand jamoaga o‘rtamiyona jamoalar vakillari raqib bo‘lib keldi.

















