Buxoro shahrida «Bukhara City» majmuasi barpo etilishi haqidagi xabarlar prezident Shavkat Mirziyeyovning shu yilning mart oyida Buxoro viloyatiga tashrifidan so‘ng tarqalgan edi.
Prezident o‘shanda Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, «Buxoro siti» loyihasi bilan tanishgan, Buxoroni «sayohatlar chorrahasi»ga aylantirish lozimligini ta'kidlagan edi.

Qadimiy shaharlarimizdan biri sanaladigan Buxoroning tarixiy qismiga yaqin joyda «Bukhara City» majmuasi qurilishi ijtimoiy tarmoqlarda shaharning o‘ziga xos arxitekturasiga salbiy ta'sir o‘tkazishi haqida munozaralarni keltirib chiqardi. Boz ustiga, «Bukhara City» qurilishi bilan odamlarning turarjoylari buzilishi, ularga mutanosib kompensatsiya to‘lanmasligi borasidagi tashvishli izohlarga sabab bo‘lmoqda.
Buxoro viloyat hokimligi rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, Buxoro shahridagi yangi majmua iqtisodiy samarasiz hududda bunyod etiladi.
«Bukhara City» majmuasi loyihasini ishlab chiqish jarayonida ko‘plab xorijiy davlatlar, jumladan, Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Ozarboyjon va Rossiya kabi mamlakatlarning tarixiy shaharlari hamda ularda barpo etilgan yangi bunyodkorlik obektlarini joylashtirish usullari chuqur o‘rganilgan.

Bunda YuNeSKO Umumjahon madaniy meros markazi talablari va xalqaro shaharsozlik qoidalarini yaxshi tushunadigan mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda «Bukhara City» majmuasini qurish uchun Buxoro shahrining tarixiy qismiga mutlaqo ta'siri bo‘lmagan holda qariyb 6 km uzoqlikdan joy tanlangan.

Yangi majmuani qurish uchun Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 iyuldagi «Buxoro shahrida «Bukhara City» zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi №565-sonli qaroriga muvofiq Buxoro shahrida aholi yashash uylari mavjud bo‘lmagan, 15–20 yildan buyon bo‘sh turgan va faoliyati samarasiz bo‘lgan bir qator yirik sanoat korxonalari joylashgan 83 gektar o‘lchamdagi hudud belgilangan.


















