Bositxonovaning ta'kidlashicha, loyiha xotin-qizlarga nisbatan qo‘llanilayotgan turli zo‘ravonliklardan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Unda zo‘ravonlik turlariga tasnif berilgan. Jumladan, “jinsiy zo‘ravonlik”, “jismoniy zo‘ravonlik”, “iqtisodiy zo‘ravonlik”, “ruhiy zo‘ravonlik”, “tazyiq” tushunchalariga izoh berilgan. Qonun loyihasini ishlab chiqishda asosan Germaniya, Angliya, Fransiya, Ispaniya, Armaniston, Qirg‘iziston tajribasidan foydalanildi. Shuningdek, “Ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiya va “Bir xil qiymatga ega bo‘lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Konvensiya o‘rganildi.











