Mamlakatda aholi daromadlari va turmush darajasini oshirib borish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish siyosati bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Ushbu sa'y-harakatlar davomi sifatida, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq joriy yilning 1 avgustidan budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar miqdorda oshirilmoqda.
Jumladan, 2019 yil 1 avgustdan O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi 223 000 so‘m miqdorida belgilanmoqda. Ta'kidlash joizki, minimal ish haqi miqdorining oshishi o‘z navbatida o‘rtacha oylik ish haqini ko‘payishiga olib keladi.
Ish haqi miqdorini oshishi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 21 maydagi 5723-sonli farmoniga o‘zgartirish kiritilib, joriy yil 1 sentyabrdan eng kam ish haqi o‘rniga kiritilayotgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 577 170 so‘mdan 634 880 so‘mga oshirilmoqda. Ushbu miqdor, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘lib iqtisodiyotning barcha sohalariga, shu jumladan xususiy sektorni qamrab oladi.
Ushbu oshirishlar birgina ijtimoiy sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 1 mln. 600 mingdan ortiq fuqarolarning ish haqiga taalluqli bo‘lib, ular qatorida 1 mln. 107 ming nafar ta'lim, 465 ming nafar sog‘liqni saqlash hamda 70 ming nafar fan, madaniyat va sport sohalari xodimlarini qamrab oladi.
Masalan, o‘qituvchining o‘rtacha oylik ish haqi 2,4 mln. so‘mni, vrachlarda – 2,1 mln so‘mni, madaniyat va sport sohasi xodimlarida – 2 mln. so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, mamlakat bo‘yicha 3 mln. 693 mingdan ortiq pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning moddiy ta'minoti yaxshilanadi. Endilikda, yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori oyiga 436 150 so‘mni tashkil etadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, xususan minimal miqdorlarda nafaqa oluvchilarga alohida e'tibor qaratilgan.
Xususan, mamlakatimizda bolalikdan nogironligi bo‘lgan 300 mingga yaqin shaxslarga beriladigan nafaqaning eng kam miqdori 436 150 so‘m qilib belgilandi.
Shu bilan birga, 46 mingga yaqin 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyasi eng kam miqdorini belgilashga nisbatan yondashuvlar tubdan qayta ko‘rib chiqildi.















