Light | 11:30 / 16.07.2019
21394
10 daqiqa o‘qiladi

Aqlli shahar nima va bu konsepsiya qayerda amalga oshirilgan?

Foto: Layfxaker

Aqlli jamoat transporti, quyosh batareyalari va xavfsizlikning yagona tizimi ayrim shaharlar uchun xayolot emas, haqiqatning o‘zginasi.

Aqlli shahar oddiy shahardan nimasi bilan farq qiladi?

«Aqlli shahar» tushunchasiga yondashuvlar xilma-xil, biroq u doim texnologiyalar bilan boyitilgan aholi yashash punktini anglatadi. Bunday texnologiyalarning mohiyati tushunarli – qurilmalar o‘zaro aloqada tashqi olam bilan inson ishtirokisiz, biroq uning farovonligi yo‘lida xizmat qiladi. Oddiy misol – tabiiy yorug‘lik yetishmaganida ishga tushadigan ko‘cha yoritgichi.

Aqlli shaharlarning maqsadi – shaharliklar hayotini qulayroq va xavfsizroq qilish, shuningdek, shahar moliya mablag‘lari va hududini tejashdan iborat. Masalan, aqlli fonuslar bilan shahar ko‘chalari tunda ham xavfsiz, biroq elektr energiyasi uchun minimal miqdorda pul sarflanadi: qorong‘i tushmaguniga qadar u bekorga yonib turmaydi.

Kelajakning ideal aqlli shahrida har bir qadamda aholini texnologiyalar kutib oladi, ular yagona ekotizimni hosil qiladi va inson hayotining barcha jihatlari uchun javob beradi: jamoat transportida harakatlanishdan tortib, chiqindining qayta ishlanishigacha.

Shaharni nima aqlli qiladi?

Data-markaz

Ma'lumotlarning yagona bazasi turli axborotni kerak bo‘lganida bir-biri bilan taqqoslashi va undan foydalanishi mumkin. Masalan, qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilinganida jabrlangan kishining joylashgan joyi haqida, kasalxonaga yotqizilganida esa – uning tibbiy daftarchasi haqida ma'lumot olish mumkin. Ko‘chada kimdir to‘pponchadan o‘q uzganida esa axborot gumonlanuvchi shaxsning kameradan olingan rasmi bilan avtomatik tarzda politsiyachilarga kelib tushishi mumkin.

Universal shahar ilovasi

Shaharliklar uchun kerakli barcha ma'lumotlar ilovada birlashtirilishi mumkin. U orqali aqlli shaharda yashaydigan kishi taksi chaqirishi, to‘lovlarni amalga oshirishi, hukumat vakillariga yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqir joylar haqida xabar berishi, aynan shu fursatda shaharning qaysi qismida tirbandliklar va to‘xtash joyidagi bo‘sh o‘rinlar haqida bilib olishi mumkin. Aynan shunday dastur hozirda Chikagoda ishlaydi.

Haydovchisiz avtomobillar

Tesla, Uber va Google o‘z texnologiyalaridan yo‘llarda foydalanishga shay. Yo‘l belgilarini hisoblaydigan haydovchisiz avtomobillar esa kun kelib qo‘lda boshqariladigan harakatlanish vositalarini siqib chiqaradi. Biroq aqlli shaharda bari o‘zgacha ishlashi ham mumkin: bunday avtomobillar tarmoqqa birlashtiriladi va marshrutni rejalashtirishda joylashuvdan kelib chiqish ish ko‘riladi. Bu ancha xavfsiz bo‘lishi lozim. Haydovchisiz avtomobillar yo‘ldagi avariya holatlari va to‘xtash joylaridagi bo‘sh o‘rinlar haqida ham oldindan ma'lumot olishlari mumkin.

Aqlli to‘xtash joylari

Amerika intellektual transport jamiyati tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, tirbandliklarning 30 foizi avtomobil ishqibozlarining to‘xtash joyini uzoq qidirishi natijasida paydo bo‘lar ekan. Aqlli shahar konsepsiyasi esa bu jarayonni ilova yordamida osonlashtiradi. Maxsus datchiklar to‘xtash joyi vaqtini soniyasigacha aniqlikda o‘lchay oladi: pul miqdori ham kartadan avtomatik ravishda yechib olinadi. To‘xtash joyi sensorlaridan AQSh va Yevropaning ko‘plab joylarida foydalanishadi: tizim birinchilardan bo‘lib Parij va Kanzas-Sitida tatbiq etilgan.

Aqlli yoritgich

Biz qorong‘u tushganida ishga tushadigan ko‘cha fonuslari haqida aytdik. Biroq aqlli uy konsepsiyasi bundan ham qiziqroq ssenariylarni ko‘zda tutadi. Masalan, Amerikaning San-Antonio shahrida yomg‘irdan keyin transport arteriyalari bo‘ylab qo‘yilgan fonuslar yorug‘roq nur taratadi. Shu tariqa haydovchilar sirpanish ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘lni yaxshiroq ko‘ra olishadi.

Quyosh batareyalari

Ekologiya haqida qayg‘urish – aqlli shaharning muhim bandi, shuning uchun deyarli barcha loyihalarda elektr energiyasini olishning muqobil variantlariga ahamiyat berilgan. Shaharga tegishli va xususiy quyosh batareyalari ixcham yechim sanaladi. Masalan, aqlli Fudzisava shahrida(Fujisawa Sustainable Smart Town) ana shunday panellar deyarli har bir uyda o‘rnatilgan.

Kameralar

Kengaytmasi yuqori kameralar Chikagoda ko‘cha fonuslarida o‘rnatiladi va odamlar to‘planadigan joylarda xavfsizlikni ta'minlash uchun qo‘llaniladi. San-Antorioda esa undan boshqa maqsadda foydalanadilar: sudlanuvchi fuqarolar sudga borishlari shart emas, kamera o‘rnatilgan maxsus budkadan ko‘rinish berishning o‘zi kifoya.

Aqlli jamoat transporti

Harakatlanish intervali – aqlli shaharda avtobuslar haqida olish mumkin bo‘lgan axborotning hammasi emas. Bunday texnologiyalar Rossiya shaharlarida ham rivojlangan. Masalan, Moskvada to‘xtash joylari tablolarida kerakli mashina qancha vaqtdan keyin kelishi ko‘rsatiladi.

Yong‘inga qarshi datchiklar

Aqlli bunday qurilmalar odatiy tutun datchiklari kabi ishlamaydi. Aniqrog‘i, Amerikadagi Luisvill misoli shuni ko‘rsatadiki, aqlli datchiklar klassik datchiklar bilan bir juftlikda ishlaydi. Ulardan yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan tashlandiq binolarda foydalanishadi. Bunday qurilmalarda quyosh batareyasi, mikrofon va aloqaning oddiy moduli bo‘ladi. Mikrofonga odatiy datchik sirenasi kelib tushganida yong‘in haqida o‘t o‘chiruvchilar va qo‘shnilarga xabar beriladi.

Aqlli chiqindi idishlari

Eng mashhur misol – Amerikada o‘rnatiladigan Bigbelly idishlari. Ushbu konstruksiya tufayli ular atrof-muhitni ifloslantirmaydi, ularda kemiruvchilar ko‘paymaydi, biroq eng muhimi - to‘lganida chiqindini olib ketish xizmatiga ularning o‘zi xabar beradi.

O‘q uzish lokatorlari

Amerikaning ko‘plab shaharlarida ShotSpotter o‘q uzish datchiklari o‘rnatilgan. Ular o‘q uzishlar miqdori, o‘q uzilgan joy va qurolning turini aniqlay oladi. Barcha ma'lumotlar politsiyaga yuboriladi.

Ochiq ma'lumot

Aqlli shahar tamoyillaridan biri – ochiqlik. Bu tajriba almashish, olingan axborotni shahar aholisi bilan o‘rtoqlashishga ham tegishli. Masalan, London merligining saytida transport, atrof-muhit ko‘rsatkichlari va aqlli datchiklar yordamida olingan boshqa statistikani olish mumkin.

Aqlli deb atash mumkin bo‘lgan shahar qanday ko‘rinishda?

Aqlli shahar deyilganida turli xil aholi yashash punktlari nazarda tutilishi haqida aytib o‘tdik. Misol uchun, Moskvaning ham o‘z loyihasi bor: Moskva-2030. Amerika, Osiyo va Yevropaning yirik shaharlarida, masalan, Singapur, Dubay, Barselona, Luisvill, Chikagoda ko‘plab innovatsiyalar joriy etilgan. Biroq kichik va yaqinda qurilgan, Panasonic tomonidan yaratilgan yapon polisi - Fudzisavu vakuumdagi aqlli shahar deb atash mumkin.

Fudzisava - Panasonic polisi

Uning maydoni – 19 gektar. Unda madaniy markazlar atrofida to‘plangan turar joy binolari, maydonlar, bolalar maydonchalari va do‘konlar mavjud. Elektr energiyasining bir qismi quyosh batareyalari bilan ta'minlanadi.

Ko‘cha fonuslari harakatlanish datchiklari bilan jihozlangan: yo‘lovchi yoki avtomobil yaqinlashishi bilan yorqinroq ko‘rinishga keladi.

Aqlli shahar loyihasi

Har bir uy shaharning televizion tizimiga ulangan. Uning yordamida aholi nafaqat kanallarni tomosha qilishi, balki elektromobil yoki elektr velosipedlarni ijaraga olishlari mumkin.

Aqlli shahar Fudzisavadagi televizion tizim

Xavfsizlikka alohida e'tibor qaratilgan. O‘sha televizion tizim yordamida aholi zilzila haqida darhol ogohlantiriladi. Fudzisava tashqi olamdan uzilganida esa u uch kun davomida o‘zini elektr energiyasi va issiq suv bilan ta'minlay oladi.

Fudzisava aqlli shahri

Loyiha saytida yangiliklar bo‘limi bor. Fudzisava doimiy ravishda biror hodisa sodir bo‘ladi, masalan, 15 iyuda mahalliy madaniy markazda salomatlik kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 1 iyulda bemor va farmatsevtlar orasida aloqa qilish uchun yangi onlayn-servis demorejimda ishga tushirildi.

Fudzisavadagi salomatlik kuni

Panasonic Fudzisavadagi muhim jihat yangi texnologiyalar emas, ekologiya haqida qayg‘urish va qo‘shnilar bilan muloqot qilish deb hisoblaydi. Yaratuvchilarining fikriga ko‘ra, shaxsiy avtomobili bo‘lmagan kishi ijaradan foydalanmasdan, qo‘shnisidan elektrokarni so‘rab turishi mumkin.

Aqlli shahar loyihasi

Shaharda oilada chaqaloqlar tug‘ilishiga mo‘ljallangan aqlli shaharlar bor, u yerda yasli va bolalar bog‘chalari faoliyat yuritadi. Fudzisava o‘z aholisining keksayishiga ham tayyorlanadi: keksa fuqarolar uchun ijtimoiy xodimlarga ega ko‘p xonadonli uylar bor. Uch avlod – yuz yil o‘tgach, shahar o‘zini to‘liq namoyish etadi, deb hisoblaydilar.

Mavzuga oid