Ekspert Murat Sarsenov o‘zining Facebook sahifasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi faoliyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Mana, barchamiz hurmat qiladigan Uzbekistan Airways haqidagi uzun postim tayyor bo‘ldi. Qat'iy va rejali bosimi uchun Aziza Umarovaga rahmat: endi biz muloqotga ega bo‘ldik.
Avvalo qisqagina kirish so‘zi. Fuqaro aviatsiyasida uch turdagi samolyotdan keng miqyosda foydalaniladi (biznes aviatsiyani hisobga olmaymiz):
- uzoq magistral laynerlari - 8-17 ming km masofaga uchadigan samolyotlar. Ularning alohida xususiyati – salonida ikkita yo‘lagi bo‘lgan keng fyuzelyaj;
- o‘rta magistral laynerlari - 4-8 ming km masofaga parvoz qiladigan samolyotlar. Bunday samolyotlarda bir qatorda oltitadan o‘rindiq bo‘ladi (3+3);
- hududiy laynerlar – 2-3 ming km masofaga uchadigan kichik samolyotlar. Ularning sig‘imi kichik bo‘ladi, odatda 100 nafardan kamroq yo‘lovchi sig‘adi.
Endi mavzuga o‘tamiz. «O‘zbekiston havo yo‘llari» (O‘HY) – monopoliyachi kompaniya, buni hamma biladi. Ammo yanada qo‘rqinchlisi, u to‘laligicha davlatga tegishli ulkan tijorat tuzilmasi. Nima uchun? Chunki biznes davlatning imij loyihasi sifatida emas, balki biznes sifatida ishlashi lozim.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi (O‘HY MAK) oylikka ishlaydigan amaldorlar tomonidan boshqariladi. Bunday boshqaruvchilarning qanday g‘ami bor? Bular ikkita:
1) «Manzara» jozibali bo‘lishi uchun nima qilish kerak?
2) O‘zi uchun qanday qilib pul ishlash mumkin? Amaldorga bu savollarga javob topishga yordam bermaydigan boshqa hech narsaning qizig‘i yo‘q. Aytish mumkinki, amaldorlarimiz har ikki masalani mohirlik bilan hal qilishning uddasidan chiqishgan.
Chiroyli manzara hosil qilish uchun bizning tizimimizda norentabel bo‘lgan, ko‘pincha o‘ta qimmat samolyotlar sotib olingan; yo‘lovchilarga bortga tonnalab yuk olishga ruxsat berilgan (va berilmoqda); yo‘lovchilarning qornini yaxshilab to‘ydirgan (va to‘ydirmoqda); bort kuzatuvchilari doimo xushbichim; ro‘yxatdan o‘tkazishda sizni xizmatchilarning butun boshli armiyasi kutib oladi; samolyotlarimiz norentabel, ammo juda nomdor yo‘nalishlar bo‘yicha parvoz qilgan (va parvoz qilmoqda) va h.k. Umuman olganda, barchasi besh yulduzli aviakompaniya atributlari, lekin mos tushmaydigan.














