"O‘zarxiv" agentligi matbuot xizmati Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmatining “Elektron hukumat nega to‘liq ishga tushirilmayapti?” maqolasiga raddiya bilan chiqdi.

“Yaqinda ko‘plab veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “Elektron hukumat nega to‘liq ishga tushirilmayapti?” sarlavhali maqola e'lon qilinishi va unda “O‘zarxiv” agentligi faoliyatiga noxolis baho berilishi bizni taajjubga soldi. 

Maqoladagi “... Bu esa jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Masalan, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini bajarish bo‘yicha berilgan murojaatlari mavjud qonunchilikka asosan davlat arxivlari tomonidan 30 kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi”, jumlasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasiga ko‘ra Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish prinsiplaridan biri bu ariza beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish ekanligi shart etib belgilangan. 

Bu degani “Elektron hukumat”ni to‘liq ishga tushirishda qog‘oz hujjatlarni raqamlashtirib emas, balki ortiqcha hujjatlarni qisqartirib, raqamli yechimlarni qabul qilish lozimdir. Shundan kelib chiqqan holda, arxivlardagi shaxsiy tarkibga oid hujjatlarni (3,4 mln. saqlov birligidagi, 1 ta saqlov birligida o‘rtacha 250 varaq mavjud bo‘ladi) raqamlashtirish emas, balki shu hujjatlarni fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini bajarishda, ya'ni pensiyani rasmiylashtirishda talab etishdan voz kechish lozim. 

Bu qanday bo‘ladi? Bugungi kunda fuqarolarning 2005 yildan oylik maoshlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni AT “Xalq banki”ning jamg‘arilib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma'lumotlaridan hamda 2015 yildan keyingi davr uchun Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma'lumotlaridan kelib chiqib aniqlash imkoniyati mavjud. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi Qonuning 31-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat'iy nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi ish haqi olinishi belgilab qo‘yilgan. Bundan kelib chiqib, pensiya tayinlashda 2005 yildan keyingi oylik maoshlari to‘g‘risidagi arxiv ma'lumotlarini talab etishdan to‘liq voz kechish mumkin”, - deyiladi raddiyada. 

Bildirilishicha, xorijiy mamlakatlarda (shu jumladan pensiya tizimi O‘zbekiston kabi Ozarboyjon, Moldova va boshqa ko‘plab mamlakatlarda) pensiyani rasmiylashtirishda ish haqi va mehnat stajini tasdiqlaydigan arxiv ma'lumotlari talab etilmaydi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning hech birida faqat amaliy ahamiyati bo‘lgan shaxsiy tarkib hujjatlarining raqamlashtirilishi hattoki rejalashtirilmagan. Sababi iqtisodiy tomondan bu mablag‘larni samarasiz ishlatishga olib keladi.