Insoniyat tarixida unutilmas sanalar ko‘p. Ana shunday sanalardan biri 1969 yilning 20 iyuli bo‘lib, xuddi shu kuni “Apollon-11” kemasi ekipaji komandiri Nil Armstrong va uchuvchi Edvin Bazz Oldrin kema modulini Oydagi Xotirjamlik dengizining janubi-g‘arbiga qo‘ndirishdi. Ular Oy sathida 21 yarim soatdan ortiq bo‘lishdi. Astronavtlar Oy yuzasiga ham chiqishdi va 2 soat 31 daqiqa bo‘lishdi. Oyga qadam qo‘ygan ilk inson Nil Armstrong bo‘ldi. O‘n besh daqiqadan so‘ng Oldrin ham unga qo‘shildi. Astronavtlar o‘zlari tushgan joyda AQSh bayrog‘ini o‘rnatishdi va Oy tuprog‘idan 21,5 kilogramm namuna olishdi.
Quyida ushbu voqea bilan bog‘liq qiziqarli ma'lumotlarni taqdim etamiz.
Oyga birinchi qadamni kim qo‘yishi kerak edi?


«Apollon-11» Oyga qo‘nishi aniq bo‘lgach, jurnalistlar va ayrim NASA xodimlari Oyga birinchi bo‘lib qadam qo‘ygan inson Edvin Oldrin bo‘lishini taxmin qila boshlashdi. Gap shundaki, ochiq fazoda faoliyat olib borish bo‘yicha mashg‘ulotlarda har doim komandir emas, uchuvchi tashqariga chiqardi. Xyustondagi kosmik parvozlar mutaxassislari ham dastlabki chizmalarda oy modulidan birinchi bo‘lib uchuvchi chiqishini bayon qilishgandi. Ammo tor kabinada skafandr va hayotni ta'minlovchi tizimda bo‘lgan uchuvchi tashqariga chiqish uchun komandirning ustidan o‘tishiga to‘g‘ri kelishi hisobga olinmagandi, zero asosiy lyuk chap tomonda bo‘lib ichkariga ochilar, komandir esa chap tomonda o‘tirardi. Ushbu manyovrni qo‘llab ko‘rishga urinishganida oy moduli maketi kabinasida kichik shikastlanishlar yuz berdi. Shundan so‘ng Oy sathiga uchuvchi emas, kema komandiri – Armstrong birinchi bo‘lib qadam qo‘yishiga qaror qilindi.
SSSR hududida Oyga inson qadam qo‘yishini bevosita translatsiya qilish taqiqlanganmidi?
Sobiq SSSR mamlakatlarida Oyga inson qadam qo‘yishi butun dunyo bo‘ylab translatsiya qilingan vaqtda SSSR markaziy televideniyesi bu voqeani ko‘rsatish o‘rniga badiiy film namoyish etgan degan fikr tarqalgan. Ammo bu voqea yuz bergan paytda, Moskva vaqti bilan ertalab soat 5:56da SSSR markaziy televideniyesi hech qanday ko‘rsatuv bermagan – 1969 yilda televideniyeda ko‘rsatuvlarni uzatish ertalab soat 8dan boshlangan.





















