O‘zbekiston | 16:26 / 16.08.2019
7713
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart»: Endi O‘zbekistonda ham «Halol» sertifikati olish mumkin

Foto: KUN.UZ

Bugun, 16 avgust kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekistonda «Halol» standartlarining joriy qilinishi hamda sertifikatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda «O‘zstandart» agentligi bosh direktori o‘rinbosari Jasur Shukurov, Standartlar instituti halol sertifikatlash agentligi rahbari Sunnat Saidov, Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Isomiddin Ahrorov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.

Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyo bo‘ylab «Halol» standarti ostidagi mahsulotlar bozor hajmi 6,4 trln. dollarga yetgan va bu ko‘rsatkich yildan yilga ortib bormoqda.

O‘zbekistonda ham ziyorat turizmi, gastronomik turizm sohalari kengayib borayotgani, mahalliy aholining aksar qismida «Halol» standarti ostidagi mahsulotlarga ehtiyoj yuqoriligi yaxshi ma'lum. Shu bois, endilikda O‘zbekistonda «Halol» standarti bo‘yicha sertifikatlar olish uchun huquqiy asos yaratilib, barcha mexanizmlar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Islom mamlakatlarining Standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) a'zosiga aylandi. Endilikda O‘zbekistonda olingan halol sertifikati xalqaro ahamiyatga ega bo‘ladi.

«Bundan buyon ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat boshlovchi tashkilotlarga ushbu standartni majburiy joriy qilish mumkinmi?» degan savolga Standartlar instituti direktori G‘ayrat Gaziyev javob qaytardi.

«Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz lozim – «Halol» standarti bo‘yicha sertifikatlar olish ixtiyoriy. Tadbirkor, ishlab chiqaruvchining o‘zi shunday sertifikatga ega bo‘lishni, shu maqom ostida mahsulot sotishni istasagina bizga murojaat qiladi va biz buni ko‘rib chiqamiz. Qo‘shimcha talab qo‘yish qonunchiligimizga ham to‘g‘ri kelmaydi, tadbirkorlik faoliyatiga ham yangi to‘siq bo‘lib qolishi mumkin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid