O‘zbekistonning faqat poytaxt, balki hududlardagi shahar va qishloqlarini obodonlashtirish, qiyofasini o‘zgartirish uchun nafaqat respublika, balki mahalliy budjetdan ham mablag‘lar ajratilmoqda. Ayrim hollarda fuqarolar tomonidan ushbu mablag‘lar qayerga sarflanmoqda, degan haqli savol tug‘iladi. Negaki, qurilish-obodonlashtirish ishlari ba'zi hududlarda oxiriga yetkazilmay qolmoqda.
Olmaliq shahrida istiqomat qiluvchi bir necha fuqaro Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, shaharning ayrim ko‘chalari va piyodalar yo‘laklarini ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagani, yoritish chiroqlari oxirigacha o‘rnatilmagani, obodonlashtirish uchun davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lar qayerga, nima uchun sarflanayotganiga doir savollarga javob ololmayotgani haqida murojaat qilishgan. Unda shaharning Ibn Sino, Ulug‘bek va Hamid Olimjon ko‘chalarida ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmay chala qolgani ta'kidlanadi.
«Daraxtlar qurib ketyapti, hech kim e'tibor qilmayapti. Besh-oltita odamning yugurgani bilan hech narsa bo‘lmaydi. Hokimlik vakillari xalqni eshitsa, birga ishlasa, bunaqa holatlar bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Obodonlashtirish bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yaxshi ishlar boshlandi. Mahallamizdagi o‘rta ko‘chalar ta'mirlandi, lekin keyinchalik bu o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Bolalar yurishi qiyin, chunki yomg‘ir yog‘sa suv to‘lib qoladi. Balchiq bo‘lib ketadi. 2- va 5-maktablarga borishda juda qiynalishadi. Bizdagi ichki yo‘llarning birortasi ta'mirlanmagan. Piyoda yo‘laklari ta'mirlanmagan», - deydi Zamira Berdimurodova.

«Bu ishlar «Obod mahalla» dasturi doirasida o‘tgan yili qilinishi kerak bo‘lgan, lekin hokimiyat tomonidan pul ajratilmadi. «Obod mahalla» bo‘lib, keyingi mahallaga o‘tib ketdi. «Abdulla Avloniy» mahallasi bu yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan, lekin u yerda ham obodlikdan hech narsa yo‘q. Aynan piyoda yo‘laklari ta'mirlanmagani bois, aholi hayotiga xavf tug‘ilmoqda. Nimaga? Chunki, yo‘lak bo‘lmagani sababli aholi avtomobil yo‘lidan yurishga majbur bo‘lmoqda. Yo‘lga esa, 2ta mashina zo‘rg‘a sig‘adi. Yo‘lakda ketolmagan piyoda yo‘lga chiqsa, hayoti xavf ostida qolmoqda», - deya ta'kidlaydi Oybek Ermatov.





















