Jamiyat | 13:00 / 22.08.2019
20965
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda soxta IIB tergovchisi qo‘lga olindi

Foto: Andijon viloyat IIB Matbuot xizmati

Fuqaro E.G‘ning Andijon viloyati IIB qilgan murojaatiga ko‘ra, joriy yilning 25 iyun kunidan 16 avgust kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida  ismini “Sardor” deb tanishtirgan fuqaro o‘zganing mulkini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida o‘zini viloyat IIBda tergovchi lavozimda ishlashini aytib, fuqaro E.G‘ning shaxsiy hayotiga oid sir saqlanishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor qilish hamda bu uchun jinoyat kodeksining  tegishli moddasi bilan jinoiy javobgarlikka torttirib yuborishi mumkinligi bilan qo‘rqitib, undan 300 AQSh dollari talab qilgan. Fuqaro E.G‘ning qo‘rqib ketgani va yordam berishni iltimos qilganidan foydalanib,  undan 200 AQSh dollari, 225 ming so‘m puli bo‘lgan plastik kartasini va narxi 950 ming so‘mga teng bo‘lgan “RedMI A5” rusumli mobil telefon vositasini olib, tovlamachilik jinoyatini sodir etgan.

Olingan tezkor ma'lumotga asosan, joriy yilning 16 avgust kuni  O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda jinoyat qidiruv boshqarmasining mas'ul xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. O‘zini IIB xodimi “Sardor” deb tanishtirgan shaxs boshqaruvida bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashina to‘xtatib tekshirib ko‘rilganida, avtomashina saloni va yukxonasida fuqaro  E.G‘ ga tegishli bo‘lgan 1 dona plastik kartochka, qo‘rqitish yo‘li bilan E.G‘ nomidan yozilgan tushuntirish xati borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida, o‘zini viloyat IIB da tergovchi bo‘lib ishlovchi “Sardor” deb tanishtirgan shaxs, aslida fuqaro A.A ekanligi, ichki ishlar idoralari tizimida esa umuman faoliyat yuritmasligi ma'lum bo‘ldi. 

Yuqoridagi holat yuzasidan  fuqaro A.A ga nisbatan  2019 yilning 16 avgust kuni Andijon shahar IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 2019 yilning 17 avgust kuni fuqaro A.A O‘zbekiston respublikasi JK 165-166 moddalari bilan sudda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, shu kundan boshlab unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘lanildi.

Mavzuga oid