23 avgustda Chechenistonning Shali shahrida Yevropadagi eng katta – Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) nomidagi “Musulmonlar faxri” masjidi ochildi. Masjidni shahar aholisi qarori bilan Ramzon Qodirov nomiga qo‘yish rejalashtirilgandi, biroq Qodirovning o‘zi masjid ochilishi vaqtida barcha uchun kutilmaganda masjid Muhammad payg‘ambar nomi bilan atalishini ma'lum qildi.

Foto: Islom.uz

Shuningdek, Qodirov respublika aholisidan uning vafotidan keyin uning nomiga kichkinagina masjid qurishni iltimos qilgan.

Foto: YELENA AFONINA/TASS

“Bu masjidni qurishni boshlaganimizda, menga ulamolar, do‘stlarim, yaqinlarim murojaat qilib, uni mening nomimga atashni so‘rashgandi. Men o‘shanda bunga rozi bo‘lgandim, biroq ich-ichimda qurilish yakunlangandan keyin masjidni sevimli payg‘ambarimiz nomi bilan atash istagi bo‘lgandi. Men Tangri haqqi xizmat qiladigan sevimli halqimdan bu dunyodan o‘tganimda, yig‘ilishib mening nomim bilan ataladigan kichik masjid qurishlarini so‘rab qolaman. Bu men uchun katta sovg‘a bo‘ladi”, deb aytgan Qodirov jurnalistlarga.

Foto: YELENA AFONINA/TASS

Qodirov oxirgi fursatgacha masjid nomini sir saqlaganini, chunki uning qurilishini yakunlashning uddasidan chiqilmay qolishidan xavotirlanganini ta'kidlab o‘tgan.

Checheniston rahbari yangi masjid ko‘rinishidan karaxt holdaligini aytgan.

“Bu yerda ulkan ish qilingan, har bir detalning o‘z tarixi bor. Niyatlarimiz xolis edi va Tangri bizga yordam berdi. Kayfiyatimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, hali ham karaxt holdaman”, deb aytgan Qodirov.

Shalida ochilgan masjid o‘z ichiga 30 ming kishini sig‘dira oladi. Bundan tashqari, yon atrofdagi hududga yana 70 ming kishi joylashishi mumkin. Masjid qurilishida oq marmar, sof oltin qo‘llangan. Devordagi yozuvlar qo‘lda bajarilgan. Masjid ochilishi Chechenistonning birinchi prezidenti, Ramzon Qodirovning otasi Ahmad xoji Qodirov tug‘ilgan kuniga to‘g‘rilangan.