O‘zbekiston Xitoyga qovun eksport qila boshlaydi
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 27—28 avgust kunlari Xitoyga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va Xitoyning bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida «O‘zbekistondan Xitoyga qovun eksport qilish bo‘yicha fitosanitar talablar to‘g‘risida bayonnoma» imzolandi. Bu haqda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati xabar berdi.
«Ushbu bayonnomaga muvofiq, O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan qovun O‘zbekistonning to‘rtta viloyatidan – Xorazm, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridan bo‘lishi lozim. Shuningdek, Xitoyga eksport qilinadigan qovun fitosanitar talablarga to‘liq muvofiq kelishi, jumladan, zararli organizmlardan xoli hududlarda yetishtirilib, karantin inspektori tomonidan monitoring nazoratidan o‘tkazilgan bo‘lishi talab etiladi.
Qovunni eksport qiladigan barcha dalalar, qadoqlash sexlari Xitoy va O‘zbekiston karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi va tasdiqlanishi lozim. Ushbu ro‘yxatdan joy olishni rejalashtirayotgan tadbirkorlik sub'yektlaridan 10 sentyabrga qadar ‘O‘zdavkarantin’ inspeksiyasiga murojaat qilishlari so‘raladi»,—deyiladi xabarda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, qovunni eksport uchun yuklash va tashish «O‘zdavkarantin» inspeksiyasining hududlardagi inspektorlari nazorati ostida amalga oshirilishi belgilangan. Eksport qilinayotgan mahsulot qadog‘ida dala va qadoqlash sexi haqidagi to‘liq ma'lumotlar ko‘rsatilishi talab qilinadi.
Xitoy tomonidan qovun eksportiga qo‘yilayotgan talablarning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Yuqoridagi talablarga rioya etilmagan holda, yuklanib eksportga yo‘naltirilgan qovun chegara maskanlaridan qaytarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Xitoyga O‘zbekistondan eksport qilishga ruxsat etilgan karantin ostidagi mahsulotlar turi 12 ta (gilos, mosh, qobiqsiz grek yong‘og‘i, shirin va achchiq bodom, uzum danaklari, kunjut, mayiz, quritilgan achchiq qalampir, achchiq qalampir, o‘rik qoqisi, qovun)ni tashkil etadi.
Eksportyor tadbirkorlar yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarni transport birliklariga yuklashdan oldin ‘O‘zdavkarantin’ inspeksiyasining hududlardagi inspektorlariga murojaat etishlari lozim.
Hozirda ‘O‘zdavkarantin’ inspeksiyasi XXR karantin xizmati bilan Xitoyga qo‘shimcha ravishda anor, uzum va limon eksport qilinishiga ruxsat olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda», — deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
16:35 / 21.07.2024
Isi paykalni tutgan obinovvotlar: qovun dalasidan reportaj
17:55 / 17.07.2024
Sanepidqo‘mita fuqarolarni avtomobil yo‘llari yonidan tarvuz va qovun sotib olmaslikka chaqirdi
07:56 / 31.07.2023
O‘zbekiston 11 ta davlatga qariyb 80 ming tonna qovun sotdi
19:51 / 24.04.2023