O‘zbekiston sporti rahbariyati mamlakat milliy va olimpiya terma jamoalari futbolchilari va murabbiylar shtabi vakillari bilan uchrashdi.

Bugun, 2 sentabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov, O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov hamda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi.
Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionati va JCh saralashiga tayyorgarlik doirasida milliy va olimpiya terma jamoalari ayni kunlarda Toshkentda yig‘in o‘tkazmoqda.
Ochiq va samimiy suhbat tarzida kechgan uchrashuvda Rustam Shoabdurahmonov hamda Abdujabbor Abduvohidov har ikki terma jamoadan ham muxlislar yuksak natijalar kutayotganini ta'kidlab, jamoa vakillaridagi kayfiyat qanday ekani bilan qiziqishdi va bo‘lajak o‘yinlarda omad tilashdi, deyiladi O‘FA xabarida.

Shuningdek, assotsiatsiya prezidenti Abdusalom Azizov futbolchilarga murojaat qildi.
«Bizni oldinda juda katta va mas'uliyatli o‘yinlar kutib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi hali biror marta Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida qatnashmagan. Har safar bizga nimadir – 1 ochko yoki 1ta gol yetmay qoladi. Muxlislar uchun esa bu alamli natija. Ko‘pincha bu narsani omad yuz o‘girishi bilan izohlaymiz. Lekin omadning ortida mehnat va harakat yotadi. Omad mehnat qilgan odam bilan hamisha yonma-yon yuradi. Shunday ekan bo‘lajak musobaqalarga biz har tomonlama tayyor bo‘lishimiz kerak. O‘tmishdagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak.

Hozirgi paytda biz uchun ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q. Ayniqsa, har bir raqibga qarshi hal qiluvchi o‘yinga chiqqandek jiddiy yondoshishimiz kerak. Biz uchun har bir o‘yin va har bir gol muhim. So‘nggi daqiqalargacha yuz foiz kuch bilan o‘ynashimiz talab etiladi. Bitta gol urib olib, keyin xotirjamlikka berilish eng katta xatolardan biri bo‘lishi mumkin.
Davlatimiz rahbari menga ushbu mas'uliyatli lavozimni topshirayotganda yurtimizdagi millionlab muxlislar, ayniqsa, yoshlarimiz kayfiyatiga futbolning qanchalik ta'sir qilishi, shuning uchun ham futbolda eng avvalo adolat o‘rnatilishi, qolaversa, ijobiy natijalar qayd etilishi muhim ekanini ta'kidlab o‘tgan edilar.



















