«Rostov» va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiya premer-ligasining 8-turida «Lokomotiv»ga qarshi kechgan va 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda dubl qayd etib, gollari sonini 7taga yetkazgan holda turnir to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamga aylandi. «Sport Ekspress» nashri rostovliklar jamoasiga yaqin shaxslardan ushbu 24 yoshli futbolchi haqida fikrlarini so‘ragan.
— Shomurodovning «fishka»si nimada? Undan bu mavsumda shunday ko‘tarilish kutilganmidi?
Igor Gamula, «Rostov»ning seleksionerlari menejyeri:
— Klub rahbarlari bu yigitchani vaqtida payqashdi, uni «Rostov»ga olishdi va asta-sekinlik bilan asosiy jamoaga o‘tkazildi. Umuman aytganda, uni yaxshi forvardga aylantirishdi. Ha, uning o‘zi ham ko‘p shug‘ullandi. U O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidaligida (2019 yilgi Osiyo chempionatidagi ishtiroki - tahr.) ko‘plab jamoalarning skautlari uni kuzatishni boshlashgandi — ayniqsa Osiyodagilar. Men unga Xitoydan takliflar bo‘lganidan xabardorman. U bizda qolgani va yanada o‘sgani juda zo‘r bo‘ldi. Uni to‘g‘ri tarbiyalagan Valeriy Georgiyevich Karpinga ham alohida minnatdorchilik bildirish kerak.
Hozir Eldor raqobatda Sigurdarssonni yengdi. Barchasi reja bo‘yicha ketmoqda. Kamtar, madaniyatli, yaxshi tarbiya ko‘rgan yigit. Uning «kuzirlari»? Ikkinchi qavatda juda yaxshi o‘ynaydi. Ha, pastda ham durust. Birga bir vaziyatda aldab o‘tishi mumkin, yuqori tezlikka ega, driblingi bor. Umuman olganda, unda Yevropa darajasidagi hujumchi bo‘lib yetishish uchun barcha kerakli sifatlar bor. Eng asosiysi esa o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan, butun fikri futbol bilan band bo‘lgan inson!
Dmitriy Kirichenko, «Rostov»ning sobiq hujumchisi va sobiq murabbiyi, Rossiya chempionatining 2002 va 2005 yilgi mavsumlaridagi eng yaxshi to‘purari:
— U maydonda ko‘p hajmdagi ishlarni qiladi, qora ishlarni qilishdan qaytmaydi. Qaysar. So‘nggi vaqtlarda unda golli vaziyatlardan foydalanish ko‘rsatkichi juda yuqori. Yigitning o‘ziga ishonchi baland. Bu esa forvard uchun eng muhim jihat.
Aleksandr Shikunov, «Rostov»ning sobiq direktori:
— O‘tgan yiliyoq bu ko‘p narsaga qodir, iste'dodli hujumchi ekani ma'lum bo‘lib ulgurgandi. Unga shunchaki bizning chempionat sharoitlariga moslashish uchun vaqt kerak edi. Hozir barchasi ortda qoldi. Bu yigit barcha kerakli sifatlarga ega — tezlik, vaziyatni his qilish, u hujumlar vaqtida vaziyatdan uzilib qolmaydi. Shularning barchasiga qo‘shimchasiga — u katta hajmdagi ish bajaradi. Bu forvardlarda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa. «Rostov» taktikani o‘zgartirdi. Jamoa yanada hujumkorroq futbol namoyish eta boshladi— oldinda hali ko‘p imkoniyatlar turibdi.















