O‘zbekiston | 17:30 / 08.09.2019
24726
2 daqiqa o‘qiladi

«Agrobank»: Oqdaryodagi pichoqbozlik bank binosida sodir bo‘lmagan

Kun.uz saytida 7 sentabr kuni «Oqdaryo tumanida davlat xizmatchilari ish joyida pichoqlab ketildi» sarlavhali surishtiruv e'lon qilingandi.

Unda Oqdaryo tuman hokimiyatining qishloq xo‘jalik bo‘limiga tegishli binoda bir kishi uch kishiga pichoq bilan turli darajadagi jarohat yetkazgani xabar qilingan.

8 sentabr kuni soat 12:40da saytda Samarqand viloyat IIBning bu voqea yuzasidan rasmiy bayonoti e'lon qilindi. Bu bayonotda voqealar «Agrobank» binosida sodir bo‘lgani aytilgan, ammo aslida voqea tuman hokimligining qishloq xo‘jalik bo‘limiga tegishli binoda sodir bo‘lgan.

Shu sabab «Agrobank» Samarqand viloyat boshqarmasi Kun.uz saytiga rasmiy bayonot bilan murojaat qildi.

«...siz tomoningizdan 2019 yil 8 sentabr kuni soat 12:40da internet tarmog‘iga joylashtirilgan viloyat IIB rasmiy bayonotida ushbu hodisalar «Agrobank»ning Oqdaryo filialida sodir bo‘lgan deb yozilgan. Vaholanki, ushbu voqea Oqdaryo tumanining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limiga qarashli binoda sodir bo‘lgan.

Ushbu noto‘g‘ri ma'lumot «Agrobank» imijiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini inobatga olib, hamda mijozlar bankka ishonchini yo‘qotmasligi uchun voqea hodisalarni qaytadan to‘g‘ri yoritilishini so‘raymiz», — deyiladi bayonotda.

Samarqand viloyat IIB rasmiy bayonotida, shuningdek, hujum qilgan shaxs binoda faoliyat yuritayotgan IIB xodimi tomonidan qo‘lga olingani aytiladi, ammo voqea guvohlarining aytishlaricha, ular IIB xodimini boshqa yerdan chaqirib kelishgan.

Mavzuga oid