Sport | 12:26 / 10.09.2019
5505
3 daqiqa o‘qiladi

Viktor Zemsev triatlon bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiy etib tayinlandi

Xalqaro darajadagi triatlonchi, «Ironman» triatlon musobaqalarining o‘n karra g‘olibi Viktor Zemsev O‘zbekiston triatlon terma jamoasiga murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Viktor Zemsev – MDH hududidagi eng mashhur triatlet, triatlon bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi. Ilgari u «Z Iron Team» jamoasi bosh murabbiyi va «RedLava» jamoasining sardori bo‘lgan. U «Ironman» seriyasining startlarida professionallar orasida 10 marta birinchilikni qo‘lga kiritgan va Jahon chempionatida olti marotaba ishtirok etgan. Xalqaro sport ustasi, ITU Long Distance 2005 Jahon chempioni, ITU Yevropa chempionati 2017 sovrindori va Ukrainaning ko‘p karra chempioni. Donetsk jismoniy tarbiya va sport institutining bitiruvchisi. 45 yoshga to‘lganiga qaramay, u triatlon musobaqalarida yuqori natijalarni ko‘rsatishda davom etmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda Zemsev maxsus mashg‘ulot dasturini olib bormoqda va terma jamoaga saralash uchun sportchilarning faoliyatini batafsil o‘rganib chiqmoqda. Uning rahbarligi ostida o‘zbekistonlik sportchilar 15 avgustdan 8 sentyabrgacha Fransiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdilar. Sportchilar bilan birga Viktor Zemsevning o‘zi ham mashg‘ulotlar davomida masofalarni bosib o‘tdi.

«O‘quv-mashg‘ulot dasturi reja asosida olib borilmoqda. Sportchilar natijalarni yaxshilash uchun kuchli intilishga ega, ba'zida mashg‘ulotlarni hatto sekinlatib turishga ham majbur bo‘lyapmiz. Shu oyda, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan keyin ikkita start olish rejalashtirilgan: Iordaniyaning Akaba shahridagi musobaqalar va O‘zbekiston kubogining final bosqichi. Ushbu musobaqalardan so‘ng milliy terma jamoamiz shakllantiriladi. O‘ylaymanki, jamoa yil davomida o‘zgarishi bilan bir qatorda, to‘ldiriladi, chunki erishilgan natijalarning o‘zida to‘xtab qolmasligimiz kerak. Hozir men 10 sportchi bilan ishlayapman va albatta, mamlakat miqyosida bu yetarli emas, – deya ta'kidladi triatlon bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Viktor Zemsev. - Bugungi kunda ustuvor vazifa – birinchi navbatda Osiyo kubogi va chempionati darajasidagi yutuqlardan boshlab xalqaro maydonga chiqish».

Mavzuga oid