Dunyo aholisining har yettinchi kishisiga migren begona emas. Uning alomatlari haqida qadimgi yunonlar ham yozib qoldirishgan. Qadimgi dunyo odamlari kasallik kelib chiqishida yovuz ruhlarni ayblashgan va ularni haydashga urinib, odam bosh suyagida teshikcha ochishgan. Hozirgi kunda migren haqida bilganlarimiz avvalgi davrnikidan ko‘p ham farq qilmaydi, ammo davolashning insonparvar yo‘llari mavjud.

Migren nima?

Migren — irsiy kasallik bo‘lib, asosiy belgisi boshda to‘xtab-to‘xtab tutadigan og‘riqdir, u pulsni yodga soladi. Unga doimo ko‘ngil aynishi, eshitish va ko‘rish ta'sirchanligi ortishi qo‘shiladi: odatiy shovqin va mayin yorqinlik ham g‘ashga tegadi, keskin tuyiladi. Ammo barcha belgilar bir vaqtda sodir bo‘lmasligi mumkin. Migrenning birinchi alomatlari yoshlikdan paydo bo‘ladi, masalan qizlarda balog‘atga yetish davrida yoki 20 yoshda. Eng yuqori cho‘qqi 30-40 yoshda kuzatiladi. Yosh o‘tishi bilan migrendan aziyat chekuvchilar soni kamayib boradi.

Migren 4 soatdan 72 soatgacha cho‘ziladi va turli davomiylikka ega. Uning bir oyda 15 kundan kam davom etishi epizodik turga mansubdir. 15 kundan ortiq davom etishi surunkali migren deb ataladi. Ularning davolash rejalari ham mutlaqo farqli.

Aurali migren turi ham mavjud. Aura — bosh og‘rig‘i paydo bo‘lishidan avval qisqa muddatli nevrologik buzilishlar kuzatiladi: bosh  aylanishi, ko‘rish qobiliyati vaqtincha buzilishi, harakat sekinlashishi. Bular yarim soatda o‘tib ketadi va so‘ngra bosh og‘rig‘i boshlanadi. Harakat sekinlashishi deganda panja, bilak, yuz, til qotib qolishi tushuniladi. 

Migrenning ba'zi turlari (masalan, tananing bir tomonida holsizlik bilan namoyon bo‘luvchi gemiplegik turi) bir gendagi mutatsiya tufayli yuzaga keladi. Shu sababli, inson neyronlar giperharakatchanligiga moyil bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, miyaning hissiy tebranishlarga javob beruvchi sohalari oson qo‘zg‘aladi.

Ammo migrenning aksariyat turlari poligendir, ya'ni kasallik bir necha genlar omilida paydo bo‘ladi. Migren tashqi qo‘zg‘atuvchilarga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin: ochlik, uyqu yetishmasligi, xavotirlanishlar.

Olimlar nevrologik jarayonlar ustida hali ham ish olib borishyapti, ammo jumboqning bir uchi allaqachon yechilgan. Masalan, migren sabablaridan biri bo‘lgan qon tomirlari kengayishining oldini oluvchi yangi dori vositalari ishlab chiqilgan.