Samarqand viloyati Samarqand tumaniga qarashli, xalq tilida «Pobeda» kolxozi», deb ataladigan hududda, eshkak eshish kanali atrofida tashkil qilinayotgan turistik majmuaga olib boradigan yo‘l tushgan. O‘zi bunday yo‘l hozir ham mavjud, lekin tashkilotchilar uni kengaytirishmoqchi. Shu sabab juda ko‘p odamlarning uyi buzilish arafasida turibdi. Aftidan bu «snos» ko‘pchilikka qimmatga tushadigan ko‘rinadi.
Kun.uz muxbiri dastlabki murojaat asosida bu hududning «Toshkent – Termiz» yo‘liga yaqin yeridagi aholi bilan uchrashdi. U yerdagi odamlar uylari buzilayotgani, rasmiylar atigi bir necha kun oldin bu haqda bildirish xati berganini aytishdi.
Xatda odamlardan uylari «snos»ga tushgani sababli qo‘shimcha qurilish qilmaslik so‘ralgan. Ammo og‘zaki tarzda odamlarga «tayyorgarliklarini ko‘rish» qo‘shimcha qilingan. Vaholanki, biror obekt buzilishidan 6 oy avval uning egasi rasman ogohlantirilishi va kelishilgan kompensatsiya puli berilishi kerak. Ammo murojaatchilarga bildirish xati berish asnosida ko‘chish harakatini qilishlari aytilgan, hech qanday baholash firmasi uylarni baholamagan.

Odamlarning aytishicha, birorta baholash firmasi bu hududdagi uylarni baholashni xohlamagan.
Tahririyatga bir-biridan bexabar yana ikki guruh murojaat qildi.
«G‘alaba»ning boshlanishi hisoblangan «Qoziariq» mahallasidan bir guruh odamlar kelishdi va bu mahallada aksariyat odamlarning uylarining yarmi buzilayotgani haqida aytishdi. Bu hududlarda uylarning hajmi shundog‘am kichkina, endi esa ularning yarmi buzilishi talab etilmoqda. Odamlar buzilayotgan uylari uchun kompensatsiya puli miqdoridan norozi. Qizig‘i, baholash ishlari shunchaki binolarga qarab olib borilgan. Aslida esa baholash bino uchun ketgan barcha xarajatlarni hisoblashdan iborat emasmi?


Murojaatchilar uylar uchun taklif qilinayotgan pul haqida shunday deyishdi: «O‘sha aytayotgan pullariga o‘zlari uy qurib ko‘rishsin-chi! Bu uylarni qurguncha qancha umrimiz, salomatligimiz ketdi. Endi esa o‘zlari aytgan pulni berib bizni uydan chiqarib yuborishmoqchi».











