Jahon | 12:29 / 19.09.2019
21230
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada bosh vaziri 18 yil avvalgi surati uchun uzr so‘radi 

Foto: John Morris / Reuters

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo saylovlar oldidan 18 yillik surati uchun uzr so‘radi. Bu haqda CBC telekanali xabar berdi. 

U shu tariqa Time jurnali tomonidan chop etilgan oq salla va yuzida jigarrang grim bilan tushgan suratiga izoh bergan. Bu surat Tryudo o‘qituvchilik qilgan xususiy maktabdagi “Arab tunlari” deb nomlangan bazmda 2001 yil olingan. O‘shanda Kanada bosh vaziri 29 yoshda bo‘lgan. Surat maktab bitiruvchilaridan birining albomidan topilgan. 

Gap shundaki, hozirgi vaqtda boshqa irq vakilini tasvirlash uchun tanaga rangli grim tushirish irqchilik harakati deb qabul qilinadi.

“O‘shanda men buni qilishdan oldin yaxshilab o‘ylashim, buni qilmasligim lozim edi. Men afsusdaman”, deb aytgan Tryudo. Uning aytishicha, u bazmga arab ertagi qahramoni Oloviddin qiyofasida kelgan. 

Tryudo jurnalistlarning suratni irqiy deb hisoblashi-yo‘qligi haqidagi savollariga “Ha, shunday deb hisoblashmoqda. O‘shanda men buni irqchilik deb hisoblamaganman. Biroq hozir ancha aqlliroqmiz”, deb javob qildi.

11 sentyabrda Tryudo parlament saylovlari oldidan Kanada general-gubernatoridan parlamentni tarqatishni so‘ragan va saylovoldi kampaniyasi boshlanishini e'lon qilgan. Kanada parlamentiga saylovlar 21 oktyabrda bo‘lib o‘tadi.    

Joriy saylovlarda asosiy kurash Liberal va Konservativ partiya o‘rtasida kechishi kutilmoqda. 2015 yil o‘tgan parlament saylovlari natijasiga ko‘ra liberallar parlamentda ko‘pchilik o‘rin olib, ularning yetakchisi Tryudo bosh vazir kursisini egallagan.

Mavzuga oid