Xorazm viloyati markazi Urganch shahri, Jingovuz mahallasi, Jayhun ko‘chasidagi 42 va 44-uylarning tomini qayta ta'mirlash ishlari boshlangan, ammo oxirigacha yetkazilmagan. Uylarda istiqomat qiluvchi aholi yomg‘ir-qorli kunlar yaqin qolgani sababli bundan xavotir olmoqda.

Shu yilning aprel oyida uylarning fasad qismini va tomini qayta ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan edi. Fasadni ta'mirlash ishlari 100 foiz bajarilgan, ammo tom haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, uylarning tomini ta'mirlash ishlari «Qadam ota Mardona» MChJga topshirilgan, biroq faqat 60 foizga bajarilgan, xolos. Xususan, tomga yog‘och karkas o‘rnatilgan, ammo navbat profnastil bilan yopishga kelganda ishlar to‘xtab qolgan.

«Qadam ota Mardona» MChJ rahbari Anvar Murodov bilan bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha izoh olganimizda u tomni ta'mirlash ishlari mablag‘ tugagani tufayli to‘xtab qolganini aytdi.
«Jayhun ko‘chasidagi 42 va 44-uylarning tomini ta'mirlash ishlari Urganch shahar hokimligi tomonidan korxonamizga yuklatildi. Umumiy smeta xarajati 408 million so‘m qilib belgilandi. Bugungi kungacha korxonamiz tomonidan o‘z mablag‘imiz hisobiga 250 million so‘mlik ish bajarildi. Ammo hali bu pullarning 1 tiyinini ham olganimiz yo‘q. Mablag‘ yo‘qligi sababli qolgan ishlar to‘xtab qolgan», - dedi Murodov.

Uylarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi «Urganch Shohruxbek kommunal servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSh) raisi Otajon Bo‘ronovning so‘zlariga ko‘ra, 42 va 44-uylarning aholisi tomni ta'mirlash ishlari chala qolganidan xavotirda.
«42 va 44-uylar qish mavsumiga tayyor emas. Aslida shirkatimiz bu haqda kafolat xatini berishi kerak edi. Ammo tomni ta'mirlash ishlari tugatilmagani sababli, kafolat xatini berolmaymiz. Yozda qattiq yog‘ingarchilikda xonadonlar devoridan chakka o‘tgani tufayli odamlar moddiy zarar ko‘rgan holatlar bo‘ldi. Kuzda ham bu holat takrorlanmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Albatta xonadon egalari bundan xavotirda», - dedi Bo‘ronov.



















