Ma'lumki, mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinadi. Nogironligi bor fuqarolarni ijtimoiy himoyalash tartibi haqida Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi rahbari Umarali Nazarmatov quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 iyuldagi “Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 195-sonli qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizom bu boradagi muhim huquqiy hujjatlardan biridir.
Unga ko‘ra, nogironlik guruhini belgilash uchun fuqaro o‘rnatilgan tartibda o‘zi yashab turgan joydagi tumanlararo tuman (shahar) tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK)ga yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasi yo‘llanmasi asosida murojaat etishlari mumkin. Buning uchun fuqaro pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatni majburiy tartibda ko‘rsatadi. Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab 107 ta ana shunday ekspert komissiyalari aholiga tibbiy-mehnat ekspertiza xizmatini ko‘rsatib kelmoqda.
Bunda bemorlar boshlang‘ich tibbiy ko‘rik jarayonida aynan bir kasallik sababli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangan kundan boshlab, uzluksiz muddat davomida 4 oydan ortiq og‘rib qolganda, mehnatga layoqatsizlik boshlangan kundan e'tiboran 12 oy mobaynida tanaffus bilan 6 oy davomida kasallanganda, sil kasalligi aniqlanganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri kasallik aniqlangan kundan boshlab kamida 10 oyni tashkil qilganda, shuningdek, asosiy kasallik kuchaygan kundan boshlab kamida 6 oy silga qarshi kurashish muassasalarida hisobda turganda nogironlik guruhlariga chiqariladi. Bu jarayonda ushbu shaxslar TMEK tomonidan belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘riklar yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining yo‘llanmasi bo‘yicha, agar ekspert komissiyalari joylashgan joyda tibbiy tekshirishni asosli sabablarga ko‘ra va davolash-profilaktika muassasasi tavsiyasi asosida o‘tkazish mumkin bo‘lmasa – uyda yoki statsionarda ko‘chma tarzda o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik hujjatlar TMEKda qabul qilingan kundan boshlab ikki hafta muddatda o‘tkaziladi. Nogironlik belgilangan taqdirda hujjatlar qabul qilingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.
Fuqarolarni sarson bo‘lmasliklari maqsadida topshirish lozim bo‘lgan hujjatlar tibbiy-maslahat komissiyasi raisi yoki a'zolari tomonidan TMEKga taqdim etiladi.

















