O‘zbekiston | 10:52 / 23.09.2019
7327
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasida norma ijodkorligi tanqidiy tahlil qilindi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Joriy yilning 19 sentyabrida Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov raisligida Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, Konsepsiyaning bajarilishida hali bir qator kamchiliklar uchramoqda.

Jumladan, Konsepsiyada belgilangan aksariyat vazifalar normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish, ekspertiza va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, aholiga yetkazishda zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bilan bog‘liqdir. Bu vazifalar tegishli hisobotlarda bajarildi, deb ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, aslida ayni yo‘nalishdagi ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ayniqsa, hisobotlarda “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” Qonunning yangi tahrirda ishlanishi Konsepsiyada belgilangan ko‘pgina vazifalarning hal etilishini ta'minlashiga sha'ma qilish holatlari uchraydi.

Bundan tashqari, majlisda Konsepsiyada belgilangan “aqlli tartibga solish” modeli ko‘zda tutgan holatlar, ya'ni normalarni qo‘llashda vujudga keladigan oqibatlarni hisobga olish, fuqaro va tadbirkorlar uchun foyda-zararini hisoblash, korrupsiya holatlariga olib keladigan normalarni aniqlash borasida belgilangan dasturlashtirish ishlarini bajarishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyati sust ekanligi uqtirib o‘tildi.

Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilishga zo‘r berilayotgan bir paytda qonunosti hujjatlarining salmog‘i kamaymayotganligi xavotirli ekanligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar norma ijodkorligi faoliyatida huquqiy ekspertizaning roli juda katta ekanini ta'kidlash bilan birga, mazkur institut amalda zaif holda ishlayotgani, ayniqsa, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga xulosa beradigan tegishli yuridik xizmat mutasaddilari ko‘pincha o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashayotgani qayd etildi. Bu masalada Adliya vazirligining faoliyati tanqid qilindi.

Tadbirda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, Konsepsiyada belgilangan ustuvor vazifalarni to‘la-to‘kis bajarishga qaratilgan tavsiyalarni o‘z ichiga olgan qaror qabul qilindi. 

Mavzuga oid