O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovoldi tadbirlarni, aholi bilan uchrashuvlarni butunlay yangicha shaklda o‘tkazishga intilmoqda.
Poytaxtimizdagi so‘lim “Ashxobod” sayilgohida yangicha usulda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri buning amaliy ifodasi bo‘ldi, deyish mumkin. “Ijtimoiy himoya va farovonlik uchun kurashamiz” shiori ostidagi targ‘ibot tadbiri har qanday rasmiyatchilikdan xoli tarzda ochiq maydonda o‘tkazildi.


Yangicha formatdagi tadbirni Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov kirish so‘zi bilan ochib, saylovlarning yurtimizdagi demokratik jarayonlarni jadallashtirishdagi ahamiyati, partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy g‘oya va vazifalar haqida qisqacha ma'lumot berdi.

Partiya, birinchi navbatda, davlat va jamiyatning manzilli ijtimoiy himoyasiga muhtoj aholi vakillarining manfaatlarini ifoda etishi, ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya g‘oyalari uchun kurashishini ta'kidladi.
– Bu yilgi saylov xalqimizning kayfiyati va islohotlarga ishonchi ortgan butunlay yangicha muhitda o‘tishi kutilyapti. Ta'bir joiz bo‘lsa, yangi O‘zbekiston yangi saylovlarga kirib boryapti. Shuning uchun saylovchilar siyosiy partiyalardan qat'iy taklif va tashabbuslar kutyapti. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi buni chuqur anglagan holda saylov kampaniyasiga kirishdi.
Saylovoldi dasturini kabinetda o‘tirib emas, oddiy odamlar bilan bamaslahat ish tutib yozishga alohida e'tibor berildi. Ya'ni, biz avval qanday masalalar muhim ekanini, qanday muammolarni hal etishni orqaga surib bo‘lmasligini xalqimiz vakillaridan so‘radik. Shu asosda oldimizda turgan vazifalarni belgilab oldik, – deydi partiya yetakchisi.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a'zosi Maqsuda Vorisova odamlarni o‘ylantirib kelayotgan, partiya Saylovoldi dasturiga kiritilayotgan dolzarb ijtimoiy masalalar, xususan, “Yashash minimumi” va “Iste'mol savatchasi” to‘g‘risida qonunlar qabul qilish zarurati, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, kommunal xizmatlar tariflarini muvofiqlashtirish bo‘yicha partiya ilgari surayotgan tashabbuslar haqida ma'lumot berdi.









