Namangan viloyati markazidan yo‘lga chiqib, To‘raqo‘rg‘ondan o‘tsangiz, Chust tumani boshlanadi. Chapga qayrilib, yana uzoq yo‘l yurib keyin yo‘lning o‘ng tomonidagi adirliklar asta-sekin, o‘sib-o‘sib tog‘larga aylana boshlaydi. Demak, Popdasiz.

Pop tumani markazidan 30-40 kilometr uzoqlikdagi aholi Parda Tursun qishlog‘i, deb atovchi, «Imom ota» MFY tomon borib, yarim yildan beri o‘z muammolarini arizalar va suratlarga olib jo‘natayotgan aholi vakillari bilan uchrashishimiz kerak edi.

Parda Tursun qishlog‘i, ya'ni «Imom ota» MFYga yaqin hududda - «Madaniyat», «Chorkesar» va «Bunyodkor» mahalla fuqaro yig‘inlari mavjud. Bu to‘rtta mahallani aholi umumiy nomda Parda Tursun qishlog‘i deb ataydi. 

Yozuvchi Parda Tursun mana shu hududdagi Chorkesar mahallasida dunyoga kelgan va ushbu hududga keyinchalik uning nomi qo‘yilgan.

Qishloqlar tog‘ oldiga joylashgani, bahavoligi, so‘lim tabiati sabab, bahor va yozda vodiy aholisi eng ko‘p dam olgani keladigan joylardan biri sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda – turistik maskan.

«Bu yo‘llar, ko‘p qadim yo‘llardir..

Xizmat yuzasidan vodiyning deyarli barcha joylarini avtoulovda kezib yuramiz. Ishoning, avval ko‘rgan yo‘llarimiz Parda Tursunga borish yo‘li oldida «ravon yo‘l» ekan.

Tog‘ va adirliklar o‘rtasidagi, kuniga o‘n minglab odam mashinada bosib o‘tadigan yo‘lning ahvolini so‘z bilan ta'riflashning iloji yo‘q. Yo‘lning 30 kilometri xuddi birov ataylab chuqurlar qazib chiqqanga o‘xshaydi. Ishqilib haydovchimiz, «Qaytaylik, menga avtomashinam hali kerak bo‘ladi!», deb qolmasin degan xavotir ham paydo bo‘la boshladi.

Yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar kameramizni ko‘rgach, o‘zlari to‘xtab yo‘lning holatidan juda noroziliklarini bildira boshlashdi. «Zo‘rg‘a, birinchi, ikkinchi tezlikda yuramiz. Avtomashinalarimizning «xodovoy»lari tinimsiz ishdan chiqadi. Yaxshi, bizning «dod»imizni eshitadiganlar ham bor ekan. O‘n mingdan ziyod aholi tuman markaziga mana shu yo‘l ham deyishga arzimaydigan o‘nqir-cho‘nqirdan qatnab kelmoqda. Yo‘l qachon ta'mirlanganini yoddan chiqarib yuborganmiz. So‘nggi marta 30-40 yil oldin ta'mirlangan bo‘lsa kerak», deydi haydovchilardan biri.