Joriy yilning 22-25 sentabr kunlarida Energetika vazirligi tashabbusi va qator hamkor tashkilotlar ishtirokida xorijiy yetakchi muxbirlar va milliy OAV vakillari uchun press-tur uyushtirildi. Respublikamizning eng chekka nuqtalaridan biri bo‘lgan Ustyurt platolaridan boshlanib, eng sanoatlashgan shahar – Navoiyda yakuniga yetgan bu loyiha natijasida O‘zbekiston energetika salohiyati va kimyo sanoati bilan yana bir bor tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurganlarning aksariyati albatta Mo‘ynoqqa kirib o‘tadi. Bu maskanga yetib borishimiz ham o‘ziga xos bo‘ldi. Toshkentdan uchgan samolyot Nukusga yaqinlashganda turbulent oqimlarga duch keldi va ko‘pchilikning yuragiga g‘ulg‘ula soldi. Amallab qo‘nib olgandan keyin Qo‘ng‘irot tumaniga qadar avtobusda 2 soatdan ortiq yo‘l bosdik. O‘sha yerda yo‘ltanlamas mashinalarga o‘tirdik va Mo‘ynoq sari ravona bo‘ldik. Bu manzilga ham taxminan bir soatda yetib borildi.


Yaqin-yaqingacha ham tushkunlik qamrab olgan bu tuman bugun chindan ham yangitdan qad rostlamoqda. Ravon yo‘llar, zamonaviy binolar, maktab va bog‘chalar katta e'tibor va mablag‘ ajratilganining namunasi bo‘lsa, yangitdan qurilayotgan aeroport bu hududning kelajakdagi salohiyatidan darak beradi. Burchak-burchaklarda uchrab qoladigan eski uylar yaqin o‘tmishdagi ahvoldan so‘zlaydi. Lekin Orol fojiasiga ko‘nikish bilan birga, aynan mana shu vaziyatda ham hayotni davom ettirish, kamiga sayyohlarni jalb qila olishga qoyil qolmay iloj yo‘q. Chindan ham, Mo‘ynoqning biqinida joylashgan, bir vaqtlar Orolning to‘lqinlar sapchib urilgan qirg‘og‘i bo‘lgan, hozir «Kemalar qabristoni» deb ataladigan muzey-qo‘riqxona doim turistlar bilan gavjum.

Bizning maqsadimiz gaz konlariga yetib borish bo‘lgani sababli Mo‘ynoqda qisqa muddat bo‘lib, yana yo‘lga tushdik va yo‘ltanlamas mashinalar nima uchun kerakligini butun tanamiz bilan his qildik. Bir soatdan ortiqroq masofadan so‘ng O‘zbekistonning gaz qazib olish sanoatida muhim o‘rin tutgan, ish hajmini tobora oshirib borayotgan maskan – Surg‘il koniga yetib bordik.
Yevropaning yetakchi axborot agentliklari va nashrlari –«Reuters», «Le Figaro», «Chatham House», «Argus Media», «Nuclear Intelligence», «Energy Intelligence», «Upstream», «World Nuclear News», «IntelliNews», azerbaydjanskaya «Trend-Aziya» kabi OAV vakillari ham bu masofalarni hamma kabi sabot bilan yengib o‘tishdi.















