O‘zbekiston | 08:00 / 28.09.2019
24201
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning turlari aniq belgilab qo‘yiladi

Foto: KUN.UZ

2019 yil 27 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar davlat va jamiyat qurilishining muhim sohalari, fuqarolarning qonuniy manfaatlariga qaratilgan qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.

Fraksiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish tartib-taomillari liberallashtirish, bolalarning fuqarolik sohasidagi huquqlarini mustahkamlash va fuqarolik masalalari bo‘yicha turli nizolarning oldini olishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 33 milliondan ortiq fuqaro, shuningdek, 95 857 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda 14 365 nafar chet el fuqarosi doimiy istiqomat qilmoqda. O‘tgan davr mobaynida jami 8 249 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs mamlakat fuqaroligiga qabul qilingan.

Deputatlar tomonidan e'tirof etilganidek, amaldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun 27 yil avval qabul qilingan bo‘lib, ma'nan eskirgan hamda bugungi kunda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar talablariga javob bermaydi. Shu maqsadda loyihani qabul qilish orqali mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etiladi hamda mazkur sohadagi mavjud qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar ijobiy yechimini topadi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida “yashash guvohnomasi”, “tekshiruv varaqasi”, “xorijiy davlat fuqarosi”, “fuqaroligi bo‘lmagan shaxs” va boshqa shu kabi asosiy tushunchalarga sharh berilmoqda va yagona fuqarolik, teng huquqlilik, fuqarosizlikni qisqartirish va ochiqlik kabi prinsiplar mustahkamlanmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishning turlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Ayniqsa, tug‘ilgan joyi va ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan bolalarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tartibi belgilanib, mamlakat fuqaroligiga qabul qilish sharti sifatida davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilish bo‘yicha talablar mustahkamlanmoqda.

Yig‘ilishda muhokama etilgan qonun loyihalari bo‘yicha deputatlarning taklif va munosabatlari bildirildi hamda fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid