Islom moliyasi telegram kanalida tadbirkorlik faoliyatidagi biznesdagi tengsherikchilik haqida maqola e'lon qilindi. Quyida o‘sha maqolani o‘qishingiz mumkin.
Mukammal dunyoda sherikchilikdagi biznes egalari, ya'ni hamkorlar o‘zaro biznes munosabatlarining har bir jihatini hisobga olib, hamma narsa haqida oldindan kelishib oladilar va buni hujjatlashtirib qo‘yadilar. Ammo biz yashayotgan olam mukammallikdan yiroq va bu biznesda ham o‘z aksini topadi. Tadbirkorlikka kirisharkanmiz sherigimiz bilan hamma masalalarni qog‘ozga tushirish u yoqda tursin, og‘zaki kelishuvni ham ortga suramiz va 50/50 deya boshlangan hamkorlik munosabatlarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yamiz.
Odatda bunday tengsherikchilik do‘stlar yoki qarindoshlar o‘rtasida bo‘ladi. Aksariyat ishbilarmonlarning fikri shunday – eng qulayi ikki kishilik tengsherikchilik. Buning bir nechta sababi bor:
- “bitta kalla yaxshi, ikkita kalla undan yaxshi”;
- biznesga yakka kirishish xatarli, ikki kishi bo‘lsa harqalay xatar ham ikki baravar kamayadi;
- har bir tomonning o‘z kuchli jihatlari bor (ya'ni bir tomon ikkinchi tomonni to‘ldirib turadi);
- va eng muhimi biznesga tikiladigan mablag‘ har bir tomon uchun ikki barobarga kamayadi.
Hamkorlarning do‘stligi yoki qarindoshligi ko‘ngilga taskin beradi – axir hammasini birodarlardek kelishib ketish mumkin-da. Ayniqsa, mo‘ljaldagi loyihadan katta foyda kelishini tasavvur qilinsa bormi... xullas hammasi ajoyib.
Ammo tez orada 50/50 uslubining barcha salbiy jihatlari bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Misol uchun, do‘stlardan biri tavakkal qilishni xush ko‘radi, ikkinchisi esa, tabiatan ehtiyotkor, bir tomon oila quradi va ishga ko‘p vaqt ajrata olmay qoladi. Tabiiyki, ikkinchi tomonga ko‘proq yuk tushadi va albatta u bu holatni nohaqlik deb hisoblashni boshlaydi, asta-sekin uning bu ishga qiziqishi so‘nadi, ikkinchi tomon aravani bir o‘zi tortishiga to‘g‘ri keladi va hokazo.
Keling, nafaqat biznesni, balki uzoq yillik qarindosh-urug‘chilikni ham barbod qilishga qodir ehtimoliy ziddiyatlarni birma-bir tahlil qilib chiqamiz:
1. Vazifalar aniq bo‘lib olinmagan. Har ikki tomon “hamma ishlar” bilan baravar shug‘ullanib ketaveradi. Kim nima ish qilganini tayini bo‘lmaydi. Oxir-oqibat tomonlar biznesni rivojlantirishga emas, kim nima qilganini aniqlashtirishga ko‘proq kuch sarflashni boshlashadi;







