Shu yilning iyul oyida Kun.uz saytida Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining Ashxobod ko‘chasida yashagan va yerlari davlat ehtiyoji uchun qaytarib olingan aholi va hokimlik o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro haqida «Xorazmda uyi buzilgan odamlar norozi bo‘lishdi – viloyat hokimi 10 avgustgacha muammolarni hal qilishga va'da berdi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Keyinchalik odamlarga Milliy Bankning Urganch bo‘limi tomonidan kompensatsiya pullari to‘liq tarqatildi. Jarayonni Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ham kuzatib bordi, aholi bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Xorazm viloyati hokimligi odamlar bilan hisob-kitob qilish uchun jami 394ta xonadon egasiga 70 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pulini to‘liq miqdorda to‘lab berdi. Shundan so‘ng Chondirqiyot qishlog‘i hududida palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan odamlar yangi uy-joylarini qurish ishlarini boshlab yuborishgan edi.

Oradan 2 oy o‘tdi, kuz faslining salqin kunlari keldi. Shu sababli qurilish ishlari qanday kechayotganini o‘rganish, odamlarning kayfiyati va vaziyat bilan tanishish maqsadida yana Chondirqiyot qishlog‘iga bordik.

Ayni paytda qishloqda juda keng ko‘lamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Hudud 4ta qismga bo‘linib, ularning har birida mini-shtab – qarorgoh tashkil qilingan. Unda hokimlik xodimlari, quruvchi tashkilot rahbarlari aholining murojaatlarini o‘rganish, kundalik muammolarni shu joyning o‘zida hal qilish, bundan tashqari, qurilish ishlarini muvofiqlashtirish, nazoratga olish bilan shug‘ullanmoqda.

O‘tgan ikki oy ichida bu yerda ko‘plab 1 va 2 qavatli uy-joylar qad rostladi. O‘z mablag‘lariga tayanib, qurilishni ertaroq boshlagan odamlarning uylari deyarli bitgan. Turli sabablarga ko‘ra kech qolganlarniki esa faol qurilish jarayonida. Ular ham qishgacha barcha ishlarni yakunlab olishga shoshilmoqda.