Valverde jamoasi mag‘lubiyatga yaqin edi, ammo «Kamp Nou» sehri yana bir bor kataloniyaliklarga yordam berdi (2:1).

Chempionlar ligasi. 2-tur, F guruhi
«Barselona» (Ispaniya) — «Inter» (Italiya) — 2:1 (0:1)
Gollar: Martines, 3 (0:1). Suares, 58 (1:1). Suares, 84 (2:1).
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto, Pike, Langle, Semedu, de Yong, Buskets (Vidal, 53), Artur, Messi, Suares, Grizmann (Dembele, 66).
«Inter» (Milan): Xandanovich, Godin, de Fray, Shkrinyar, Kandreva (D`Ambrozio, 71), Barella, Brozovich, Sensi (Politano, 79), Asamoa, Martines, Sanches (Galyardini, 66).
Ogohlantirishlar: Barella, 6. Grizmann, 9. Pike, 22. Serji Roberto, 52. Vidal, 76.
Hakam: Skomina (Sloveniya).
2 oktabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.

Valverde yangi narsa o‘ylab topolmadi
«Barselona»ning «Inter»ga qarshi o‘yindan oldingi bor taktikasi bitta jihat bilan bog‘liq edi: Messi jarohatidan tuzalib, safga qayta oladimi yoki yo‘q. Kataloniyaliklar o‘z yetakchisi yordamisiz ichki chempionatda oltinchi o‘rinda borishmoqda va usiz o‘z o‘yinlarini yo‘lga qo‘ya olishmayapti. Valverdening baxtiga, sardor jarohatini davolashga ulgurdi va safga qaytib, o‘yinni ilk daqiqalardanoq maydonda boshlaydigan bo‘ldi. O‘yin zayavkasidan hatto Dembelening ham nomi o‘rin oldi, shu bilan birgalikda chap qanot himoyasining ikki vakili ro‘yxatda yo‘q edi: Firpo ham, Alba ham jarohatda, murabbiy chap qanotga o‘ng qanot himoyachisi Semeduni qo‘yishga majbur bo‘ldi. Bu tajribadan o‘tmagan variant edi, ammo murabbiyda boshqa yo‘l qolmagandi. Shu bilan birgalikda, Valverde ixtiyorida kuchli yarimhimoya chizig‘i (Buskets-de Yong-Artur) va kuchli hujum uchligi (Suares, Grizmann va Messi) bor edi.

«Inter» «Kamp Nou»ga jangovar holatda yetib kelgandi, tarkib to‘liq jangovar holatda bo‘lishi uchun birgina Lukaku yetishmasdi, u o‘yin arafasida jarohat oldi. Lekin boshlang‘ich tarkibdan o‘z vaqtida «Barselona»ga sig‘magan Aleksis Sanches joy oldi. Chililik futbolchi hamisha o‘ziga bu jamoadan joy topilmaganini adolatsizlik deb hisoblab kelgan, klub undan Neymarni afzal ko‘rgandi. Ammo vaqt shuni ko‘rsatdiki, braziliyalik yulduzga ishonmaslik kerak edi, bunisi esa Sanchesga yanada alamli: klub u kabi mehnatkash futbolchi o‘rniga doimo bir hunar ko‘rsatib yuradigan futbolchiga ishonch bildirgandi. Endi Aleksis «Kamp Nou»da o‘zini ko‘rsatishni istardi.