O‘zbekiston | 01:16 / 03.10.2019
19707
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dunyo pasportlari indeksida bir necha pozitsiya pastladi

Foto: KUN.UZ

Henley & Partners kompaniyasi turli davlatlar fuqarolarining dunyo davlatlari bo‘ylab erkin harakatlana olishi darajasini ko‘rsatuvchi pasportlar reytingini yangiladi

Yangi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston avvalgi reytingga nisbatan 4 pozitsiya pastlab, 85-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonliklar ayni vaqtda 56 ta davlatga vizasiz tashrif buyura oladilar. Martdagi reytingda O‘zbekiston o‘z fuqarolari 58 ta davlatga vizasiz tashrif buyura olishlari bilan 81-o‘rinni egallagandi.

Reytingning eng yuqori pog‘onasini Yaponiya va Singapur o‘zaro bo‘lishgan. Bu davlatlar fuqarolari 190 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishlari yoki tashrif buyurgandan keyin viza olishlari mumkin. Avvalgi reyting yetakchisi Janubiy Koreya 2-o‘ringa tushib ketgan (188 davlat). U bilan bu o‘rinni Finlyandiya va Germaniya bo‘lishgan. 3-o‘rinni Daniya, Italiya va Lyuksemburg egallagan.

Britaniya va AQSh avvalgidek 6-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich ushbu davlatlar uchun 2010 yildan beri eng past ko‘rsatkichdir. 2014 yilda ikkala davlat ham 1-o‘rinni egallagandi. 

Manba: Henley & Partners

MDH davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Ukrainada (43-o‘rin, 126 davlat) bo‘lib, uning ortidan Moldova (47-o‘rin, 119 davlat) va Rossiya (48-o‘rin, 117 davlat) kelmoqda. Markaziy Osiyo davlatlaridan eng yaxshi ko‘rsatkich Qozog‘istonga (68-o‘rin, 75 davlat) tegishli. Shuningdek, Tojikiston 84-o‘rinni (57 davlat), Qirg‘iziston 80-o‘rinni (62- davlat), Turkmaniston 90-o‘rinni (51 davlat) egallagan.   

Reytingning eng pastki o‘rinlarini (105-107-o‘rinlar) Suriya, Iroq va Afg‘oniston egallagan. Ushbu davlatlar pasportlari egalari mos ravishda 29, 27 va 25 ta davlatga vizasiz tashrif buyura olishadi.

Viza cheklovlari indeksi sifatida ma'lum bo‘lgan pasportlar indeksi 2006 yildan beri Henley & Partners tomonidan Xalqaro havo transporti uyushmasi (IATA) bilan hamkorlikda e'lon qilib kelinadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid