Sport | 10:59 / 04.10.2019
45091
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimi bokschi Bahodir Jalolovga 200 mln so‘m pul mukofoti topshirdi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

9-21 sentabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Jahon chempionati oltin medali sovrindori, chempionatning eng yaxshi sportchisi deb topilgan Bahodir Jalolov kuni kecha Surxondaryoga keldi.

Yoshlar markazida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari mutasaddilari, murabbiylar hamda sportchi yoshlar ishtirokida uyushtirilgan tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov “O‘zbekiston iftixori” unvoni sohibi Bahodir Jalolovning nufuzli chempionatda erishgan g‘alabasi, sportdagi yutuqlarini e'tirof etib, 200 million so‘m pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi Bahodir Jalolovga boks bo‘yicha jahon chempionatidagi munosib ishtiroki uchun qo‘mondonlik tomonidan leytenant unvoni berilganligi aytildi.

Ma'lumot uchun, Bahodir Jalolov 1994 yilning 8 iyulida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan.

2015 yilda Rossiyada o‘tkazilgan boks bo‘yicha Jahon kubogida xalqaro miqyosdagi ilk zafarli jangini o‘tkazib, oltin medal sohibiga aylangan. Iqtidorli bokschi 2019 yilning aprel oyida AQShning Nyu-York shtatida o‘tkazilgan bahslarda “NABF Junior” titul kamarini, Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 

2019 yilning 9-21 sentabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida super og‘ir vazn toifasiga ega B.Jalolov o‘z faoliyatida ilk bor jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvda mahoratli bokschi Bahodir Jalolov bunday e'tibor va g‘amxo‘rlikka javoban 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham vatan sport sharafini munosib himoya qilishini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bahodir Jalolovga Termiz shahridan 2 xonali uyning kaliti topshirilgandi.

Mavzuga oid